Ko‘rinishidan juda chiroyli va beozor ko‘ringan xonqizi aslida, yirtqich qo‘ng‘izlar oilasiga mansub. Uning tanasini uzunligi 3-7 millimetr, usti do‘mboq ko‘rinishda bo‘ladi. Aksariyat xonqizilar yorqin tusda, ustqanotlarida chiziq va dog‘larini ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonning dehqonchilik hududlarida qo‘ng‘izlarning 40 ga yaqin turlari mavjud. Butun dunyoda esa, ularning 2 mingga yaqin turlari aniqlangan.
Xonqizi tuxumini ko‘rganmisiz?
Xonqizi to‘q sariq rangli tuxumining 20-25 donasini bir joyda to‘p-to‘p qilib qo‘yadi va shu tarzda ko‘payadi. Uning serharakat qurtlari asosan o‘simliklarda hayot kechiradi.
Xonqizining aksariyati yirtqich entomofag (hasharotlarni yeydigan hasharotlar) hisoblanadi. Qo‘ng‘iz va lichinkalari asosan, o‘simlik bitlari, o‘rgimchakkanalar, koksidlar, barg burgalari, kanalar va boshqalar bilan oziqlanadi.
Xonqizining foydasi
Ushbu hasharotning qishloq xo‘jaligida foydasi bisyor. O‘simliklar va ekinlar uchun foydali bo‘lgan xonqizilar: yetti nuqtali va ikki nuqtali, nuqtali stetoruslar hisoblanadi. Yetti nuqtali va ikki nuqtali xonqizilar shira, trips kabi zararli hasharotlarni yeb kun kechiradi. Nuqtali stetorus esa o‘rgimchakkanani yeydi va uni sonini kamaytirib foyda keltiradi. Barcha o‘simliklar uchun zararli bo‘lgan shira, trips, o‘rgimchakkana kabi hasharotlar soni mana shu uch turdagi xonqizi qo‘ng‘izlari tufayli kamayadi va shundagina ekinlarni va hosilni saqlab qolish mumkin.
Undan o‘simliklarni zararkunandalardan biologik himoya qilish usulida foydalanish mumkin. Bir dona xonqizi qo‘ng‘izi bir kunda 50-100 tagacha, lichinkasi esa 85 tagacha o‘simlik bitini yeydi.
Buning uchun qo‘ng‘izlarni yig‘ib, o‘simlik bitlari koloniyasiga qo‘yib yuboriladi. Xonqizi qo‘ng‘izlarini so‘ruvchi zararkunandalarga qarshi 1:20 nisbatda tarqatilsa, kimyoviy vositalardan foydalanmaslik ham mumkin.
Xonqizining ziyonidan ogoh bo‘ling!
Ammo barcha xonqizi qo‘ng‘izlarni ham foydali deb bo‘lmaydi. Respublikamizda poliz xonqizi (Epilachna chrysomelina F) va 19 nuqtali lavlagi xonqizi (Bulae lichatchovi) lar borki, ular ekin-tekinga zarar keltiradi. Buning oldini olish va zararkunanda xonqiziga qarshi kurashish uchun mutaxassislar tavsiya etgan kimyoviy preparatlarni qo‘llash lozim. Aks holda, o‘simliklar, ekinlar nobud bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: