Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Namangan viloyati Beshkapa mahallasida tashkil etilgan “Dala kuni” mahalliy fermerlar uchun katta bayram bo‘ldi. Ular Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida Koreya Respublikasi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligining moliyaviy ko‘magida FAO va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi doirasida erishilgan natijalarni namoyish etishga muvaffaq bo‘lishdi.
Loyihaning mazmun-mohiyati – ilmiy yondashuv va ilg‘or texnologiyalar asosida issiqxonalarda ekinlarni yetishtirish usullarini yaxshilash. Zero, maʼlumki, sabzavotchilik Farg‘ona vodiysi qishloq aholisining asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lib, fermerlar o‘z tomorqasi va issiqxonalarida mart boshidan noyabr oyining oxirigacha sabzavot va ko‘katlar yetishtirishadi. Loyiha doirasida 20 ta tomorqa xo‘jaliklarida issiqxonalar modernizatsiya qilindi va optimallashtirildi. Benefitsiarlar sog‘lom o‘simliklar yetishtirib va mo‘l hosil olib, yangi usullarning samaradorligiga o‘zlari ishonch hosil qilishdi.
“FAO loyihasi bizga doimo yangi narsalarni o‘rganish, zamon bilan hamnafas bo‘lish naqadar muhimligini ko‘rsatdi. Men o‘zim meva-sabzavot etishtirish bo‘yicha agronomman, lekin ushbu loyiha davomida bizga o‘rgatilgan bunday usullar haqida bilmas edim. Misol uchun, issiqxonalarda harorat va yorig‘likni nazorat qilish uchun soya to‘rlari, shuningdek, yuqori mustahkamlikka ega bo‘lgan maxsus qoplama materiallaridan foydalanish kam xarajat bilan yuqori hosil olishga katta taʼsir ko‘rsatar ekan. O‘simliklarni himoya qilishning takomillashtirilgan usullarini alohida taʼkidlamoqchiman, chunki buning natijasida inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan pestitsidlar endi ishlatilmaydi. Loyiha agroinnovatsiyalarni targ‘ib qiladi va buni, o‘rganib, fermerlar va uy xo‘jaliklari o‘rtasida keng targ‘ib qilish kerak”, – deydi Farg‘ona viloyatidan tashrif buyurgan benefitsiar Raxmonali Yakubov.
“Dala kuni” FAOning xalqaro ekspertlari, loyiha benefitsiarlari, fermerlar, mahalliy aholi va maʼmuriyat vakillari, shuningdek, xususiy sektor ishtirokida o‘tkazildi. Loyihaning manfaatdor tomonlari issiqxonada sabzavot yetishtirishdagi yangiliklar va zamonaviy usullar bilan yaqindan tanishib, erishilgan natijalarni baholashdi.
“Men har uchala loyiha hududida optimallashtirilgan issiqxonalarni borib ko‘rdim va loyihaning birinchi yilgi natijalari juda muvaffaqiyatli ekanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Qishloq xonadonlari endi issiqxona xo‘jaligini yaxshilash, vaqt va resurslarni tejash mumkinligini bilishadi. Zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlarining joriy etilishi tufayli suvdan haddan tashqari ortiqcha foydalanish kamaymoqda, eruvchan ozuqa moddalari o‘simliklarning ildiz tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib borishi yanada samarali bo‘lmoqda. Bundan tashqari, bioarilar issiqxonalarda o‘simliklarni changlatish uchun ishlatiladi. Bu vaqtni tejaydi va o‘simliklarni qo‘lda changlatishni osonlashtiradi. Buning natijasi yaqqol ko‘rinib turibdi – benefitsiarlar sifatli va yuqori hosil olishdi”, – deydi loyihaning yetakchi texnik mutaxassisi Hafiz Mo‘minjonov.
Loyiha jamoasi issiqxonada sabzavot yetishtirish, sanitariya qoidalariga rioya qilish, suv va o‘simliklarning oziqlanishini boshqarish, tuproqni boshqarish, o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan kompleks himoya qilish va boshqa ko‘plab sohalarda texnik imkoniyatlarni oshirishga qaratilgan qator treninglar o‘tkazdi. Loyiha doirasida, shuningdek, yig‘im-terimdan keyingi qayta ishlashni takomillashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati va marketingni yaxshilash rejalashtirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: