O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 8-iyundagi 6243-son Farmoniga ko‘ra, respublikada qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishning shaffof, tenglik tamoyillariga asoslangan yangi mexanizmi joriy etildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2022-yilning 24-may holatiga “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” kabi maxsus daftarlarga kiritilgan 65 893 nafar g‘olib 14 038 gektar, 2022-yil 1-mart sanasidan keyin xorijdan qaytgan mehnat migrantlari esa 13 637 ta lot bo‘yicha g‘olib bo‘lib, dehqon xo‘jaligi maqsadlari uchun 2 024 gektar yerni ijaraga yutib olishdi. Ushbu yer maydonlarida kartoshka va boshqa sabzavot, poliz, moyli, dukkakli ekinlar yetishtiriladi.
Qolaversa, davlat rahbarining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-20-son qaroriga muvofiq “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga dehqon xo‘jaligi maqsadlari uchun yerlarni ajratish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovlarda ustuvorlik berilishi belgilandi.
Daftarlarga kiritilgan fuqarolar tomonidan yerlarni ijaraga olishda ustuvorlik berish va qulaylik yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga muvofiq aholining mazkur qatlamlariga nisbatan qo‘shimcha imkoniyat beruvchi 1,1 ballga teng koeffitsiyentni qo‘llash belgilandi va tanlovda ishtirok etishda zakalat to‘lovidan ozod etish ko‘zda tutildi.
Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishda ro‘yxatda turgan barcha ehtiyojmand oilalarga, jumladan 2022-yil 1-mart sanasidan keyin xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga alohida ustuvorlik berildi. Ular uchun qo‘llaniladigan koeffitsiyentlarni 1,3 ballgacha ko‘paytirish va shu bilan tanlovlarda ishtirok etayotgan boshqa talabgorlarga nisbatan 30 foiz ustunlik berish yo‘lga qo‘yildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: