23-26–may kunlari O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan Chexiya delegasiyasi bo‘lib turibdi. Tashrifning birinchi kuni O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir Jamshid Xodjayev Chexiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasining Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qo‘mitasi raisi Mixail Kuchera boshchiligidagi vakillari va Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Vatslav Yilek bilan uchrashuv o‘tkazdi. Avvalroq mehmonlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lishgan edi.
24-25-may kunlari Chexiya Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar Samarqand viloyatidagi Pulsar Group Brewery zavodi hamda chorvachilik fermasida bo‘ladi, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “UzumFermer” vino zavodi bilan tanishadi, shuningdek, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadi hamda Toshkentdagi AgroExpo Uzbekistan ko‘rgazmasida ishtirok etadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligidagi uchrashuv va O‘zbekiston-Chexiya hamkorligi istiqbollari
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda har ikkala respublikaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ulkan salohiyatini inobatga olgan holda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar agrar sohada o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, o‘simlikshunoslik va sanoat ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma investisiya loyiha va dasturlarini amalga oshirish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Magistratura va doktorantura bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Chexiya tomoni O‘zbekiston korxonalarini avgust oyi oxirida Chexiyada bo‘lib o‘tadigan “Bizni boquvchi Zamin” agrar ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.
“Qishloq xo‘jaligi sohasida investision hamkorlikni kengaytirish doirasida, shuningdek, Chexiya Respublikasining agrar salohiyatini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda tuzlangan sabzavot mahsulotlarini qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mevalarni qayta ishlashni tashkil etish, ulardan sharbat, murabbo, kompot va boshqa qo‘shilgan qiymatli boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish istiqbollari uchrashuvda muhokama qilindi, – dedi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha J.Xodjayev. – Xom ashyo importi va tayyor mahsulot eksporti tarkibida salmoqli o‘rin tutadigan organik yong‘oq va bodom yetishtirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanimizni bildirdik. Bundan tashqari, ishlab chiqarish korxonalari, fermer xo‘jaliklari, olim va mutaxassislar o‘rtasida qulmoqzorlarni (xmelnik) yaratish, birgalikda yetishtirish va ushbu mahsulot savdosini yanada kengaytirish borasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildik”.
Ma’lumot uchun: Chexiyadagi qulmoqzorlarning umumiy maydoni 5 ming gektarni tashkil qiladi. 2019-yilda 7,1 ming tonna qulmoq yetishtirilgan. Asosan uchta hududda yetishtiriladi: Jates, Ushtek i Trshise. Chexiya Respublikasida 45 ta yirik sanoat pivo zavodi va 480 dan ortiq kichik pivo zavodlari (aksariyati oilaviy tadbirkorlik) mavjud. Organik qishloq xo‘jaligi yerlarining ulushiga kelsak: Chexiyada 550 ming gektarga yaqin organik yerlar mavjud bo‘lib, bu umumiy maydonning 15,4% ni tashkil qiladi. Organik xo‘jaliklarning umumiy soni 4690 tani tashkil etadi. Mamlakatda 825 ga yaqin organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu mahsulotlarning 1000 dan ortiq distribyutorlari bor.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki mamlakatda agrosanoat sektorini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan tegishli idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston-Chexiya Ishchi guruhini tuzishga kelishib oldilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: