Isroil delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjayev va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari R.Qarshiyev Isroil turizm vaziri, O‘zbekiston-Isroil hukumatlararo komissiyasi (HAK) hamraisi Y. Razvozov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqotlar va fan yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari, agrar oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish, suvni tejash va suv resurslarini boshqarish masalalari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi turizmi borasidagi hamkorlik va boshqa mavzular muhokama qilindi.
Unda mehmon mamlakat TIV huzuridagi Isroil Xalqaro hamkorlik agentligi (MASHAV) va Isroil Qishloq xo‘jaligi va qishloq joylarni rivojlantirish vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik markazi (CINADCO) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi. Bular isroillik mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonda o‘quv seminarlari, davra suhbatlari o‘tkazish, o‘zbekistonlik mutaxassislar va ilmiy tadqiqotchilar uchun Isroilda malaka oshirish dasturlari tashkil qilish, yangi qurilayotgangan Agro xizmatlar markazlariga (AKIS) isroillik mutaxassislarni jalb qilish kabilardan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda vazir J.Xodjayev bir qancha muhim yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tar ekan, isroillik tadbirkorlar ishtirokida platforma yaratish va muayyan amaliy yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi. Oʻz navbatida, vazir Y.Razvozov HAK hamraisi sifatida investitsiya loyihalarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga hissa qoʻshishga va Xodjayevning takliflarini Isroil Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yetkazishga va’da berdi. Toki ular issiqxonalarda ekinlarni yetishtirish loyihalari, shuningdek, go‘sht va sut mahsulotlari uchun naslli chorva mollarini ko‘paytirish bo‘yicha chorvachilik loyihalarga tayyorgarlikni boshlashsin.
Bugungi kunda agrar ilm-fan sohasida ham hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ijobiy siljishlar kuzatilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi tomonidan Isroil Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Vulkani markazi, Veysman instituti, Ben-Gurion universiteti, Quddusdagi Yahudiy universiteti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Isroilning qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadqiqotlar va agrar siyosat bo‘yicha yangi loyihalarni atroflicha muhokama qilish maqsadida joriy yilning may oyi oxirida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A.To‘rayev boshchiligidagi ixtisoslashtirilgan ITI vakillardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining Isroil davlatiga tashrifi rejalashtirilgan. Xususan, tashrif chog‘ida ko‘chat materiallarini yetishtirishning biotexnologik usullari, seleksiya ishlari samaradorligini oshirish bo‘yicha Isroil tajribasini o‘rganish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan uchrashuv davomida Toshkent davlat agrar universiteti va Quddusdagi Yahudiy universiteti (Robert Smit nomidagi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va atrof-muhit fakulteti) o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rtaga tashlandi.
MASHAV grantlari doirasida Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilarining Yahudiy universitetida malakasini oshirish hamda Isroil qishloq xo‘jaligi universitetlari professorlarini jalb qilgan holda agrosanoat majmuasini innovatsion rivojlantirish mavzusida bir qator vebinarlar o‘tkazish ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi.
Agroturizm sohasida aloqalarni o‘rnatish masalalari alohida muhokama qilindi. Tomonlar to‘g‘ri yondashuv bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston o‘zining boy turistik-rekreatsion salohiyati bilan ushbu sohani yanada rivojlantirish uchun barcha istiqbollarga ega ekanini ta’kidlashdi. Shu munosabat bilan agroturizm, ekoturizm va vino turizmi yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Hamkorlikning muhokama qilingan yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Isroil Qishloq xo‘jaligi va agrar rivojlanish vazirligi bilan idoralararo “Yo‘l xaritasi” loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: