O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jalik texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazida bo‘lib, mavjud shart-sharoitlar, bino va laboratoriyalarning holati hamda xodimlar mehnati uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishib chiqdi.
Markaz binolari 1975-yili qurilgan bo‘lib, shu yillar davomida umuman taʼmirlanmagan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi hamda Markaz xodimlari takliflari bilan bu yerda 2021-yili iyul oyida taʼmirlash ishlari boshlangan edi. Vazir Jamshid Xodjayev markazga tashrifi chog‘ida to‘liq kapital taʼmirdan chiqqan maʼmuriy laboratoriya binosini ko‘zdan kechirib, qurilishi mo‘ljallanayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalarining tezkor sinovlarini o‘tkazish binosi rejasi taqdimoti bilan tanishib chiqdi.
Ayni vaqtda markazning 70 nafar xodimi mehnat qilayotgan xonalarda bir qator qulayliklar yaratilib, yorug‘lik, issiqlik taʼminoti, Internet tarmoqlari kabi butun infratuzilma yaxshilab berilgan. Markazni modernizatsiya qilish natijasida sinovlarni o‘tkazish sifati va aniqligini oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilariga tuproq-iqlim sharoitlariga mos texnikalarni tavsiya qilish, texnikalarni agregatlashda tarkibini tuzish samaradorligi taʼminlanash, shuningdek, yangi resurstejamkor texnika va texnologiyalar joriy qilish hamda xalqaro talablar asosida sinovlarni o‘tkazishga erishiladi.
Bugungi kunda markazda 6 ta laboratoriya, 1 ta ilmiy-tadqiqot ishlari va ilmiy-texnika axboroti bo‘limi, 1 ta mashina-traktor parki, sinov poligoni hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash tarixi muzeyi mavjud. Biriktirilgan sinov poligoni maydoni 54 gektarni tashkil etadi.
2021-yil davomida Markazda bir qator ishlar olib borildi. Xususan, 22 turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarining davriy va 18 turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarining qabul sinovi amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2020-yil 11 oyiga nisbatan qishloq xo‘jaligi texnikalari sinovini o‘tkazishni 22 foizga, sertifikatlashtirish ishlarining 10 foizga o‘sishini taʼminladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining Yagona davlat reyestri integrallashgan axborot tizimini yaratish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi bilan birgalikda dastur yaratilib, sinov varianti ishga tushirildi va sinovlardan ijobiy o‘tgan qishloq xo‘jaligi texnikalari ushbu yagona davlat reyestriga kiritiladi.
Xalqaro hamkorlik doirasida “Qishloq xo‘jaligida standartlashtirish markazi” Davlat unitar korxonasi va Latviyaning sertifikatlash va test sinovlaridan o‘tkazish Markazi hamda Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi o‘rtasida organik qishloq xo‘jaligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari va texnologiyalarini sertifikatlash sohalarida Anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, Turkiyaning qishloq xo‘jaligi texnikalarini sinash markazi “TAMTEST” bilan xamqorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: