O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zR FA Botanika instituti, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi, Dehqonobod tumani hokimligi bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani “Beshbuloq QFY xududidagi “Eko komfort” xususiy korxonasi tasarrufidagi kavrak plantatsiya dalasida “Eksport salohiyati yuqori bo‘lgan dorivor va ziravor o‘simlik – kavrakni yetishtirish” mavzusida amaliy seminar tashkil etdi.
Mazkur seminarda mamlakatimiz viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan kavrak o‘simligi yetishtiruvchilari hamda ushbu o‘simlikni yetishtirish istagini bildirgan bir qator tashabbuskorlar, shuningdek, uzoq yillar davomida ushbu dorivor o‘simlikni eksport qilib kelayotgan 100 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-apreldagi “Respublikada kavrak yetishtirishni rivojlantirish va sanoatlashtirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi 116-sonli Farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullari kavrak o‘simligini yetishtirish, qishloq, o‘rmon va yaylov xo‘jaliklarida yer ajratish tartibi, madaniy holda yetishtirish uchun mos tuproq-iqlim sharoitlari, davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar hamda klaster va kooperatsiya tizimini keng joriy etish haqidagi tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Shuningdek, seminar davomida 367 gektar maydonda pista va kavrak plantatsiyasi tashkil etgan salohiyatli “Eko komfort” xususiy korxonasi rahbari madaniy holda kavrak o‘simligini suv tanqis hududlarda yetishtirish agrotexnologiyasi, hosil yig‘ishtirish va eksport qilish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, respublikada so‘nggi yillarda dorivor va ziravor o‘simliklarni rivojlantirishga, xususan tabiiy boyliklardan samarali va unumli foydalanishga katta ahamiyat berilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-apreldagi “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muxofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4670-son qarori sohani tubdan rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratib berdi.
Ushbu qarordagi vazifalarni amalga oshirish natijasida dorivor o‘simliklarni nafaqat tabiatda yovvoyi holda terib olish, balki madaniy holda plantatsiya usulida ko‘paytirish va qayta ishlashni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi fermerlar va tadbirkorlar soni ham sezilarli darajada ortib bormoqda.
Ko‘rgazmali seminarda so‘z olganlarning aytishicha, respublikaning og‘ir suv-tuproq-iqlim sharoitli hududlarida o‘stirish imkoni bo‘lgan dorivor va ziravor o‘simliklar turlarini yetishtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, bugungi kunda respublikada jami 12 ming gektardan ortiq maydonda kavrak o‘simligi ekilib, yetishtirilmoqda. Ushbu maydonlardan 2021-yilda qiymati 7,65 mln dollarlik 170 tonna kavrak shirasi eksporti amalga oshirildi.
Seminar yakuniga ko‘ra, aholi o‘rtasida kavrak o‘simligining keng isteʼmolini yo‘lga qo‘yish, yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanadigan subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish takliflari ko‘rib chiqildi. Qolaversa, sotuv bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, tabiiy hududlarda o‘suvchi kavrak turkumi vakillarini asrab-avaylash, klaster va kooperatsiyalarni tashkil qilish kabi masalalarda tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlar tashkil qilish belgilab olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: