Soya tibbiyotda o‘ta foydali, chorvachilikda hosildorlikni oshirishda samarali va qishloq xo‘jaligida hamkor ekin sifatida yetishtirish uchun qulay bo‘lgan o‘simlikdir.
O‘zbekistonda soya o‘simligini ekish maydonlari yildan yilga kengaymoqda. 2022-yilda 146,5 ming gektar, shundan 82,5 ming gektar ochiq maydonlarga va 64,0 ming gektar g‘o‘za qator oralariga soya ekilishi rejalashtirilgan. Xususan, 2018-yilda 18 500 gektarga, 2019-yilda 19 800 gektarga, 2020-yilda 17 314 gektar maydonda soya yetishtirilgan. Bu yil yakuniga qadar respublikada jami 165,0 ming tonna soya doni yetishtirish prognoz qilinmoqda. Undan 34 ming tonna o‘simlik moyi va 128 ming tonna soya shroti ishlab chiqiladi. Soya shroti esa, sanoat usulida boqilayotgan 38 mln bosh parrandaga yo‘naltiriladi.
Ma‘lumot o‘rnida aytish mumkin, bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida jami 122 mln gektarga yaqin maydonda soya yetishtirilmoqda.
Eʼtiborlisi, soya o‘simligini g‘o‘za qator orasiga mexanizatsiyalashtirilgan holda ekish mumkin. Shuning uchun ham o‘simlikni yerga qadashdan oldin ekish seyalkalari va qator oralariga ishlov berish agregatlari moslashtiriladi. Bu esa bir paytda g‘o‘za va soyaning ekilishini, ulardan yuqori hosil olishni taʼminlaydi.
O‘zbekistonda soya va boshqa moyli ekinlarga talab ortib borayotgani inobatga olinib, 2022-yilda mamlakatda birinchi soya va moyli ekinlar elita urug‘chilik xo‘jaligi tashkil etildi. Markazlashgan urug‘chilik xo‘jaligi uchun sinov tariqasida Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani Oltinboshoq massividan 512 gektar yer maydoni ajratilib, maydonlarning 357 gektariga soya va 100 gektariga masxar ekildi. Ushbu ekin maydonlaridan yil yakunigacha 800 tonna hajmdagi sara urug‘liklar yetishtirilishi rejalashtirilgan. Ushbu maydonlarda soyaning mahalliy seleksiyaga oid hosildor, To‘maris Man-60, Ustoz, Baraka va Gavhar navlarining yuqori avlodli super elita hamda elita urug‘liklari yetishtirilmoqda.
Hozirda 80,3 ming gektar ochiq maydonlarga (yana 2,2 ming gektar maydonlarga ekish ishlari davom etmoqda) ekilgan soyaning 65,4 ming gektari unib chiqdi. Shundan 43,0 ming gektar soya qator oralariga ishlov berilib, 10,4 ming gektari oziqlantirildi hamda 19,4 ming gektarida sug‘orish ishlari amalga oshirildi. Soya ekilgan 100 gektardan ortiq lalmi maydonlarda 5 ta artezian qudug‘i qazilib, ishga tushirildi va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.
O‘zbekistonda asosiy ekin sifatida soya ekishning maqbul muddatlari janubiy hududlarda 25-martdan 5-aprelgacha, markaziy hududlarda 1-apreldan 15-aprelgacha, shimoliy hududlarda esa 15-apreldan 25-aprelgacha bo‘lgan muddatlar hisoblanadi. Ertapishar navlarni esa may oyining o‘rtasigacha bo‘lgan muddatlarda ekish mumkin. Takroriy ekin sifatida ekish muddati iyun oyida kuzgi boshoqli don ekinlarining yig‘im-terimidan so‘ng amalga oshiriladi. Hosilni yig‘ish ishlari ekish vaqtiga va navlarning erta yoki kechpisharligiga bog‘liq holda amalga oshiriladi.
Soya oqsili hayvon oqsiliga juda o‘xshash. Shu bois, soya yog‘siz unidan parranda va kichik uy hayvonlari (qo‘y, echki) sut va go‘shtli qoramollarning ratsionida oqsil manbai sifatida foydalaniladi. Shu bilan birga soya yog‘i inson organizmida hazm qilinishi osonligi va bezararligi bilan ham ahamiyatlidir. Soya oqsilidan sut, qatiq, tvorog, pishloq, turli go‘sht, ekologik toza sifatli yog‘ olinadi. Soya unidan tayyorlangan non mahsulotlari bir necha kungacha yumshoq holda saqlanishi va to‘yimliligi bilan ham ajralib turadi.
Hozirda hududlarda soya ekish va parvarishlash ishlari davom etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: