O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida respublikada kavrak yetishtiruvchi va eksport qiluvchi tashabbuskorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida “Eksport salohiyati yuqori bo‘lgan dorivor va ziravor o‘simlik – kavrakni yetishtirish” mavzusida ko‘rgazmali-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda mamlakatning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlar, dorivor va ziravor o‘simliklarni rivojlantirish bo‘yicha masʼul mutasaddi organ va tashkilotlar xodimlari, olimlar ishtirok etishdi.
100 nafarga yaqin qatnashchilarni qamrab olgan seminarda dastlab vazirlik mutaxassislari tomonidan kavrak yetishtirish va eksport qilishga klaster tizimini joriy etish, imtiyozlar va ularni qo‘llab-quvvatlashda olib borilayotgan ishlar xususida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.
So‘ng ishtirokchilar “Eko komfort” hususiy korxonasining kavrak va pista plantatsiya dalasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Seminar davomida kavrak yetishtiruvchi tashabbuskorlarga ushbu o‘simlik plantatsiyalarini tashkil etish, yildan-yilga uning ko‘lamini kengaytirib borish, jumladan, yetishtirish agrotexnologiyasi, eksport hajmini ko‘paytirish, kavrakning dorivor xususiyatlari, shuningdek, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatidagi ahamiyati haqida tushuncha va tavsiyalar berilib, o‘zaro fikrlar almashindi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, bugungi kunda Respublikada jami 12 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi maydonlarida kavrak o‘simligi ekilib, parvarishlanmoqda. Shuningdek, dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi subyektlar tomonidan 2021-yil davomida qiymati 7,65 mln dollarlik 170 tonna kavrak shirasi eksporti amalga oshirildi.
Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-apreldagi “Respublikada kavrak yetishtirishni rivojlantirish va sanoatlashtirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi 116-sonli Farmonida belgilab berilgan vazifalarni bajarish doirasida amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda sohani tubdan rivojlantirishning huquqiy asosi yaratildi. Dorivor o‘simliklarni nafaqat tabiatda yovvoyi holda terib olish, balki madaniy holda plantatsiya usulida ko‘paytirish va qayta ishlashni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi fermer va tadbirkorlar soni sezilarli darajada ortib bormoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: