O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining bir qator seleksioner olimlari q.x.f.n. Yekaterina Lyan, q.x.f.d. Rustam Nizomov, Shermuhammad Aminov va Jamil To‘rayevlarning o‘n yillik samarali mehnati natijasida ochiq maydon va issiqxonada yetishtirishga mos pomidor navi ixtiro qilindi. Ushbu navga “Universal” nomi berildi.
Yangi nav o‘rtapishar bo‘lib, o‘suv davri 120-122 kunni tashkil etadi. Asosiy poyasining uzunligi issiqxonada 2,0-2,5 metr, ochiq maydonda 1,5-1,8 metrgacha yetadi, shoxlanishi va barglanishi esa o‘rtacha. Bargi oddiy, to‘q yashil, o‘rtacha burmali. Birinchi to‘pguli 8-9 bug‘inlarda joylashgan. Mevasi yassi yumaloqsimon, yuzasi silliq, qizil. Pomidor vazni 100-120 g, meva asosi kichik chuqurchali. Urug‘xonasi 4-5 ta. Degustatsion bahosi 4,9 balldan iborat.
Tarkibida quruq modda miqdori 4,8%, umumiy qand 4,2%, askorbin kislotasi 24,2%. Hosildorligi: issiqxonada 15-18 kg/m2; ochiq maydonda 38-42 t/ga ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich boshqa navlardan 15-20% yuqori degani.
Pomidorning “Universal” navini respublikada keng joriy etish, birlamchi urug‘chiligini o‘rnatilgan tartibda tashkil etish uchun nav xujjatlar rasmiylashtirilib, Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga Davlat reyestiriga kiritish uchun va Intellektual mulk agentligiga patentlash uchun taqdim etildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: