Yog‘ingarchiliklar va ayrim joylarda jala yog‘ishi chigit ekilgan maydonlarda to‘liq nihol olish va unib chiqqan maydonlarda g‘o‘zaning rivojiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Hududlarda bo‘lib o‘tayotgan surunkali yog‘ingarchiliklar g‘o‘za maydonlarida tuproqda ortiqcha namlikni ko‘payishiga olib kelmoqda.
Bu esa tuproq harorati pasayishi, yerning yuza qismi zichlashib, “qatqaloq” va g‘o‘zani bo‘g‘zi qotib “devor” hosil bo‘lishiga, dalalarni begona o‘t bosishiga, berilgan mineral o‘g‘itlarning samarasi kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Yog‘ingarchiliklar g‘o‘za maydonlarida 3-4, 5-6 chinbarg va shonalash fazasida rivojlanayotgan g‘o‘za nihollari o‘sishini 7-8 kungacha kechiktirmoqda.
Natijada g‘o‘zani ildizi sust rivojlanib, nihollarning nimjon va ayrim joylarda nobud bo‘lishiga olib kelmoqda. Gʻo‘zaning bargi belgilangan me’yorlardan 2-3 barobar kichik bo‘lib qolmoqda.
Tuproqda namlikning oshib ketishi, g‘o‘zaning turli zararkunandalari jumladan, kuzgi tunlam, shira, trips, oqqanot va gommoz, ildiz chirish kasalliklarining ko‘payishi uchun qulay sharoit yaratib, nihollarning rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Joriy yildagi mavjud holatdan kelib chiqib, g‘o‘za parvarishida quyidagi kompleks agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi:
Birinchidan, ildiz chirish va gommoz kasalliklarining oldini olish va tuproqdagi ortiqcha namni kamaytirish, o‘simlikning ildiz qismiga havo va issiqlik kirishini ta’minlash uchun zudlik bilan g‘o‘za qator orasiga sifatli ishlov berishni tashkil etish zarur.
Bunda, 60 sm qator oralig‘ida kultivatorlarga 31-33 ta, 90 sm qator oralig‘ida 37-39 ta va qo‘shqatorda 41-42 ta ishchi organ o‘rnatilishi lozim.
Kultivatorlarga ishchi organlar to‘liq o‘rnatilganda nihollarning ildiziga har ikkala tomondan, shuningdek, tuproq orasiga issiq havo kirishi yaxshilanadi.
Buning natijasida tuproqning suv-fizik, mikrobiologik xususiyatlari, havo almashinuvi va ozuqa tartibi yaxshilanadi, begona o‘tlarning bir qismi yo‘qotiladi, g‘o‘zaning ildiz tizimi pastga qarab rivojlanadi va nihollar durkun o‘sadi.
Bu yilgi sharoitda tuproqni qizdirish va ortiqcha namlikni yo‘qotish uchun qator oralariga KKO tipidagi yumshatuvchi va chuqur ishlov beruvchi panjalar ishlatish tavsiya etiladi.
Ikkinchidan, qatqaloq hosil bo‘lgan maydonlarda qatqaloqni bartaraf etish va tuproqning ustki qatlamini mayin donador holda saqlash uchun qo‘l kuchi yordamida yoki turli moslamalar bilan qatqaloqni yumshatishni tashkil etish lozim.
Uchinchidan, begona o‘tlar g‘o‘za niholining oziqlanishiga sherik bo‘ladi va o‘sishdan orqada qolayotgan niholni rivojiga yanada salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, eng avvalo kultivatorga albatta pichoq o‘rnatish va ishchi organlarni to‘liq va sifatli joylashtirish lozim. Shuningdek qo‘lda mayda chopiq ishlarini tashkil etish yaxshi samara beradi.
To‘rtinchidan, g‘o‘zada azotli (karbamid) o‘g‘it yordamida bargidan oziqlantirish tadbirlarini tashkil etish. Buning uchun 100 litr suvga 4,0-5,0 kg karbamid (2-4 chin bargda) solinib aralashtiriladi va 300 l ga yetkazilib 1 gektar maydonga sepiladi.
Shonalagan maydonlarda 7,0-8,0 kg karbamid o‘g‘itidan suspenziyalar qo‘llaniladi. Bunda yosh nihollar jadal rivojlanib, barg plastinkasi yanada qalinlashadi.
Natijada g‘o‘zaning barglari turli so‘ruvchi hasharotlar, ya’ni shira yoki tripsga bardoshli bo‘ladi.
Shuningdek, g‘o‘za 2-4 chinbarg davridan shonalash davrigacha gumin asosli biostimulyatorlar bilan gektariga 0,3-0,5 litr me’yorda ishlov berish kerak.
Beshinchidan, yog‘ingarchiliklar natijasida chigit ekilgan maydonlarda tuproqda yuqori miqdorda namlik yuzaga kelganligini inobatga olib, ildiz tizimini yaxshi rivojlanishini ta’minlash uchun birinchi va ikkinchi kultivasiya orasida maxsus moslama yoki chuqur yumshatgich yordamida yumshatish kerak.
Bunda mexanik tarkibi yengil va o‘rta tuproqlarda 22-25 sm, mexanik tarkibi og‘ir tuproqlarda 26-28 sm, pastki qattiq gips (ganch) qatlami bo‘lgan yerlarda 30-35 sm yumshatish, o‘simlikni o‘sishi va rivojlanishi yaxshilaydi.
Xususan, sizot suvlari yaqin joylashgan tumanlarda tuproqda ortiqcha (achchiq) zax mavjud yerlarda tez-tez va chuqur kultivasiya qilish, ildiz chirish, gommoz kasalliklari va sho‘rning ko‘chatga ta’sirini kamaytiradi.
Qator oralaridagi tuproqning namini tezda qochirish maqsadida chizel kultivatorning yumshatuvchi panjalari o‘rnatilgan alohida qurilmalardan foydalanish mumkin.
Oltinchidan, surunkali yog‘ingarchilik va past harorat natijasida o‘sishdan to‘xtab, qizilpoya bo‘lib qolgan g‘o‘zaning bo‘g‘ziga issiq tuproq tortish va havo almashinuvini yaxshilash maqsadida jo‘yak olish va buni bir xaftadan keyin buzib, yana qayta jo‘yak olishni amalga oshirish lozim.
Bunda o‘simlik qo‘shimcha 2-3 daraja foydali haroratni ko‘p olib, o‘sishi va rivojlanishi tezlashadi.
Yettinchidan, g‘o‘za nihollarini jadal rivojlantirishning yana bir asosiy omili mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish hisoblanadi.
Shu bois bu yilgi sharoitdan kelib chiqib, olimlar tavsiyasiga ko‘ra, 3-4 chinbarg chiqargan maydonlarga oziqlantirish ishlarini zudlik bilan tizimli ravishda amalga oshirish lozim.
Buning uchun har bir gektar maydonga karbamid o‘g‘iti 150 kgdan, agar ammiakli selitra bo‘lsa 200 kgdan, fosforli o‘g‘itlardan 100 kg va kaliy o‘g‘itidan 50 kg me’yorda aralashma holda qo‘llash tavsiya qilinadi.
Sakkizinchidan, havoni seryog‘in kelishi shira rivojlanishi uchun qulay sharoit hisoblanadi. Shu sababli shira soni ko‘paygan maydonlarga kimyoviy ishlov berish lozim. Bunda tarkibida asetamiprid, imidakloprid, tiametoksam bo‘lgan kimyoviy preparatlardan qo‘llash tavsiya etiladi.
Kimyoviy ishlov berilgan maydonlarda 5-6 kundan keyin dalada biofondni yaratish uchun kamida 1000 dona oltinko‘z chiqarish lozim.
Bundan tashqari, g‘o‘za nihollarini shira, trips, o‘rgimchakanadan himoya qilish maqsadida biolaboratoriyalardagi mavjud barcha oltinko‘zlarni gektariga 500-1000 dona hisobida 3 marta chiqarish zarur.
Kuzgi tunlamga qarshi kurash uchun har 2-3 gektar maydonga bir dona feromon tutqich o‘rnatiladi. Kuzgi tunlam kapalagi ferоmon tutqichda 2 dona tushgan dalaga belgilangan tartibda har 3-4 kunda trixogrammani 1 grammdan chiqarish lozim.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: