Toshkent Davlat agrar universitetida O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligining Agrosanoatni raqamlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Smart Campus” raqamli universitet loyihasini oliygoh bilan hamkorlikda samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet talaba va o‘qituvchilari, shuningdek, Agrosanoatni raqamlashtirish markazi direktori Saidagzam Alimov rahbarligidagi jamoa ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, “Smart Campus” loyihasi keng qamrovli bo‘lib, universitet hamda talabalar hayotidagi o‘quv jarayonlarni raqamlashtirishga mo‘ljallangan. Tizim 10 mingdan ortiq bakalavr va magistr talabalari, ilmiy tadqiqotchilar, 1400 nafar bitiruvchilar va ish beruvchilar, 500 ga yaqin o‘qituvchi va murabbiylar, 20 dan ortiq universitet, filliallar va texnikumlarni qamrab oladi.
“Tizim orqali elektron kutubxona o‘quv materiallari bazasi, talaba kredit moduli xizmatlari uchun onlayn to‘lov, yotoqxona xonalarini onlayn bron qilish, shuningdek, onlayn rejimda hujjatlarni rasmiylashtirish, shartnomalar va buyurtmalar tuzish kabi xizmatlar ko‘rsatiladi”, – deya taʼkidlab o‘tdi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi direktori Saidagzam Alimov.
Oliygoh talabalarining amaliyot jarayonlarida qulaylik yaratish maqsadida “Smart Campus” raqamli universitet loyihasining amaliyot moduli shakllantirilib, test ravishda ishga tushirildi. Ayni paytda TDAU xodimlari va talabalar ushbu moduldan foydalanishmoqda. Bunda ish beruvchilar va talabalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun maxsus platforma yaratilgan bo‘lib, u ikki tomonlama munosabatlarni tartibga solish orqali bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi.
Loyiha doirasida talabalarni xalqaro amaliyot dasturlariga jalb etish maqsadida Germaniya, Norvegiya, Daniya davlatlariga 3-6 oylik amaliyotlarga yuborish bo‘yicha elektron platforma ishga tushirildi. Turkiya davlatiga 10 nafar tadqiqotchi, magistrlarni stajirovkaga yuborish va magistratura dasturida o‘qish uchun nomzodlar tanlanmoqda. Shuningdek, Rossiya, Latviya, Litva davlatlarining hamkor OTMlari bilan 2022-yil may-noyabr oylarida xalqaro talabalar konferensiyasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Istiqbolda talabalar uchun maxsus “SUMMER & WINTER SCHOOL” maktablarini tashkil etish rejasi ham bor.
Bugungi kunda loyihaning talabalar moduli, yaʼni talabalarning tizimga kirish qismi, ularning yotoqxonaga joylashish va yotoq joylarini masofadan turib buyurtma berish orqali band etish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. Uchrashuv davomida aynan ushbu amaliyotlarga alohida to‘xtalib, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
Loyihani ishga tushirish orqali o‘quv jarayonini samarali tashkil etishda to‘liq sifat nazorati taʼminlash uchun KPI tizimini yuritish, pedagogik xodimlarning ish yuklamani avtomatik boshqarish va taqsimlash, shuningdek, talabalarning hamda o‘qituvchilarning faoliyati bo‘yicha nazoratni avtomatlashtirilgan holda shakllantirish, moliyaviy oqimlarni va byudjetlashtirishni samarali rejalashtirish va boshqarish olib borishga erishiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: