Turkiyaning “Atlas Tohum Ziraat Ltd.” kompaniyasi O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga soyaning “Arisoy” navini taqdim etdi. Urug‘lar mamlakatimizning turli iqlim sharoitlarida ekildi.
2022-yil mart oyida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi ishchi guruhi urug‘chilik sexlarini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha Turkiya tajribasi bilan tanishdi. Xizmat safari sifatli va raqobatbardosh urug‘lik yetishtirishni kengaytirish, mamlakatimiz urug‘chiligini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish maqsadida tashkil etildi.
Adana shahrida (Turkiya) ishchi guruh “Atlas Tohum Ziraat Ltd.” kompaniyasi direktori Serdar Mard bilan uchrashdi. Urug‘chilikni rivojlantirish markazi va kompaniya o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida sinash va tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik Memorandumi imzolandi. Memorandum asosida mamlakatimizga soyaning “Arisoy” navi keltirildi. Urug‘lar Jizzax viloyatidagi Paxtakor elita urug‘chilik xo‘jaligida, Namangan viloyatidagi Uychi elita urug‘chilik xo‘jaligida, Samarqand viloyatidagi Pastdarg‘om elita urug‘chilik xo‘jaligida, Xorazm viloyatidagi Bog‘ot elita urug‘chilik xo‘jaliklarida ekildi.
Serdar Mard bilan uchrashuv chog‘ida ishchi guruh korxonaning ishlab chiqarish sexlari va laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv doirasida kompaniya tomonidan yaratilgan soya va yeryong‘oq navlarini O‘zbekistonda sinash hamda ularni urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Kompaniya olimlari tomonidan yaratilgan paxta, bug‘doy, soya va yeryong‘oq navlari xususiyatlari bo‘yicha fikr almashildi.
Bundan tashqari: quyidagilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi:
– Turkiya urug‘chilar uyushmasi “TURKTOB” boshqaruv direktori Savash Akchan,
– “AKYUREK” kompaniyasi rahbari Umutbek Akyurek,
– Xalqaro iqtisodiy hamkorlik tashkiloti urug‘chilik uyushmasi “ECOSA” ijrochi direktori Ali Ustun hamda boshqa urug‘chilik sohasida faoliyat olib boradigan yirik kompaniyalar va birlashmalar.
Taʼkidlash joizki, “Arisoy” navi Turkiya davlatida oxirgi 5 yilda eng ko‘p ekilgan va eng yaxshi hosil bergan ekin navlaridan biri. Shuningdek, kasallik va zararkunandalarga chidamli, hosil donalari to‘kilib ketmaydigan, ertapishar ekin turi hisoblanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: