O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-martdagi PQ-179-son “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tuproq unumdorligini oshirish va eroziyadan muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirganlik uchun soliq imtiyozlari berish, qishloq xo‘jaligi yerlarini tiklash, qayta foydalanishga kiritish va yangidan o‘zlashtirish, rekultivatsiyalash hamda melioratsiyalash tadbirlarini bajarish uchun subsidiyalar ajratish hamda yer solig‘idan qisman ozod etish ko‘zda tutilgan.
Xususan, 2022−2023-yillarda sinov tariqasida yerdan foydalanuvchi (jumladan, klaster)larga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har bir gektar maydonga 1 million so‘mdan subsidiya ajratiladi. Bunda:
– paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlarni bajarish uchun dastlab hisoblangan subsidiyaning 70%i ajratiladi;
– subsidiyaning qolgan 30% qismi hosildorlik oldingi mavsumga nisbatan o‘rtacha 15%ga oshirilib, Davlat statistika qo‘mitasining tahliliy maʼlumotlarida o‘z aksini topganda, o‘tkazib beriladi.
Ushbu tartib sinov tariqasida har bir viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tanlab olingan 13 ta tumanda yo‘lga qo‘yiladi.
Aytish kerakki, paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirganlik uchun soliq imtiyozlari tuproq bonitirovkasi tahlili natijalari bo‘yicha tuproq unumdorligi oshgan yerdan foydalanuvchilarga tatbiq etiladi. Bunda yerdan foydalanuvchining tuprog‘i bonitet bali amaldagi bonitet ballga nisbatan 3 ballgacha oshsa, u uchun yer solig‘i stavkasi 25 foizga kamaytiriladi. Agar 3 ball va undan oshsa, 50 foizga tushiriladi. Ushbu imtiyoz 3 yil amal qilishi belgilangan.
Sinov tajribasi qo‘llaniladigan tumanlar agrarchilari uchun vazirlik mutaxassislari, uning huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlari ekspertlari tuproqning unumdorlik holati va ozuqa elementlari bilan taʼminlanganlik darajasiga bog‘liq holda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, ilmiy asoslangan agrotavsiyalar asosida begona o‘tlarga qarshi kurash va chigit ekish singarilar yuzasidan doimiy ravishda maslahatlar berib borishadi. Bundan tashqari, hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib g‘o‘za navlarini ilmiy asoslangan holda to‘g‘ri joylashtirish rejasini tuzish va urug‘lik jamg‘arish ishlari olib boriladi.
Hozirgi kunda vazirlik tomonidan subsidiya ajratish tartibini ishlab chiqish, rag‘batlantirish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladigan hujjatlar yaratish, paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlarni bajarish uchun subsidiya ajratiladigan yerdan foydalanuvchilar ro‘yxatini shakllantirish ishlari olib borilmoqda.
Kelgusida paxta xom-ashyosini yetishtirish natijalarini tahlil qilib, mazkur tajribani respublikaning boshqa tumanlarida joriy etish bo‘yicha taklif tayyorlanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: