O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi vakillari tomonidan ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa masʼul shaxslar ishtirokida respublika viloyatlari bo‘ylab qishloq xo‘jaligi obyektlarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, bog‘ va tokzorlar barpo etish, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlar, dorivor o‘simliklarni yetishtirish, ularni qayta ishlash, eksport qilish bilan bog‘liq tajribalar ko‘rib chiqilmoqda. Markaz mutaxassislari Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi “Bog‘bon” agrokompleksida bo‘lib, u yerda agrarchilar uchun seminar-trening tashkil etishdi. Ishtirokchilar agrokompleksning ilmiy ishlab chiqarish salohiyati, xalqaro loyihalarning qay darajada o‘zlashtirilayotgani hamda natijalari bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir davomida sohaga kiritilayotgan xalqaro grant va subsidiyalar asosida meva-sabzavotchilik yo‘nalishida yirik loyihalarni amalga oshirish, bugungi kungacha ajratilgan mablag‘lardan qay yo‘sinda foydalanilayotgani haqida maʼlumotlar olindi.
Taʼkidlanganidek, Samarqand viloyatida 2021-yilda grant mablag‘lari hisobidan qiymati 9467 ming AQSH dollari miqdoridagi 10 ta loyiha amalga oshirilib, qo‘shimcha 286 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2022-yilning shu davrigacha umumiy qiymati 2050 ming AQSH dollari miqdoridagi 4 ta loyihani moliyalashtirishga erishildi.
Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-dekabrdagi “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlarni tadqiq qilish, strategik rejalashtirish hamda boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Ushbu qarorda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasini institutsional tahlil qilish va islohotlarning asosiy yo‘nalishini, shuningdek sohani rivojlantirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli rejalar hamda strategiyalar ishlab chiqish kabi muhim vazifalar belgilab berilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: