Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida intensiv texnologiyalarda baliq yetishtirish, suvning gidrokimyoviy tarkibini laboratoriya usulida tahlil qilish, shuningdek, mahalliy iqlim sharoitida yangi baliq turlarini o‘stirish hamda baliqchilik xo‘jaliklarini sifatli baliq chavoqlari bilan taʼminlash ishlari olib borilmoqda.
Institutda jami 28 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi. Ulardan 12 nafari ilmiy xodim, shundan 1 nafari fan doktori, 2 nafari fan nomzodi, 1 nafari PhD, 8 nafari ilmiy xodim hamda 2 nafari tayanch doktorant.
Laboratoriyalar
Baliqchilik ITIda “Akvakulturadagi yangi texnologiyalar”, “Tabiiy ko‘llardan baliq ovlash”, “Baliqchilikda seleksiya va naslchilik”, “Ixtiopatologiya”, “Baliqlar ozuqasi va oziqlantirish” kabi 5 ta laboratoriya o‘z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
Ixtiopatologiya laboratoriyasi. 2021-yilga qadar baliqchilik tarmog‘i uchun ixtisoslashgan ixtiopatologiya laboratoriyasi mavjud emas edi. Shu yilning may oyida nafaqat Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida, balki mamlakatimizdagi ilk “Ixtiopatologiya” laboratoriyasi tashkil etildi. Mazkur laboratoriya xalqaro grant mablag‘lari hisobiga barpo etilib, 20 dan ortiq zamonaviy jihozlar bilan butlandi. Laboratoriya tashkil etilishi natijasida Toshkent viloyatida baliqchilik xo‘jaliklaridan olib kelingan baliq namunalaridan bakteriologik va gelmintologik tekshirish ishlari amalga oshirildi hamda baliq kasalliklarini oldini olishda turli uslublar amaliyotga tatbiq etildi.
Baliqchilikda seleksiya va naslchilik laboratoriyasiga yangi istiqbolli intensiv akvakultura obyektlarini o‘zlashtirish maqsadida 100 dona tilyapiya (Oreochromis mossambicus) baliqlari olib kelindi. Tropik baliq turi xisoblangan tilyapiyani dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Respublika iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda hozirgi kunda ushbu baliqlarni institut olimlari tomonidan yetishtirishning biologik va texnologik ko‘rsatkichlari bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.
Akvakulturadagi yangi texnologiyalar laboratoriyasida sunʼiy urchitilgan chavoqlarning bir qismini qish mavsumidan tashqari yoz oylarida ham innovatsion yopiq aylanma suv taʼminoti qurilmalarida o‘stirish ishlari davom ettirilmoqda. Bunda suvning gidrokimyoviy va gidrobiologik ko‘rsatkichlari nazoratga olinadi.
Bugungi kunda Baliqchilik ITI va “Xorazm baliqsanoat agro” o‘rtasida respublikada ilk bor ilmiy-tadqiqot muassasi va xususiy sektor o‘rtasida davlat xususiy sheriklik shartlari asosida qiymati 50,0 mlrd so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha bajarilishi natijasida 1000 tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi, sunʼiy suv havzalari qayta taʼmirlanib, ularning meliorativ holati yaxshilandi, intensiv texnologiyalar joriy etildi hamda yem ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: