“Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda ASK Facility (Yevropa Ittifoqi Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash dasturi) bilan hamkorlikda xalqaro moliya institutlari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida vazirlik huzurida tashkil etilgan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Maʼlumot uchun: Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-dekabrdagi PQ-58-sonli qarori ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan.
Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirni qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev nomidan uning o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi elchisi Sharlotta Adrian va Yevropa Ittifoqining ASK FACILITY loyihasi rahbari Adrian Nil ochib berdi. Taqdimotda 200 ga yaqin mehmonlar, yaʼni xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov Markazni tashkil etishning maqsad va vazifalari to‘g‘risida maʼlumot berar ekan, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi: “ISCAD markazi ko‘p tarmoqli qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat strategik tahlil markazi sifatida tashkil etilib, sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yanada samarali siyosat, dasturlar va xizmatlarni ishlab chiqish, fermer xo‘jaliklari va agrobiznesni rivojlantirish, shuningdek, ichki bozorlarda va xalqaro miqyosda raqobatbardoshlikni oshirishga ko‘mak berish uchun mo‘ljallangan”.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, Elchi Sharlotta Adrian ISCAD markazi ochilishi bilan qutlab, YEI hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining bugungi va kelgusi hamkorlik aloqalari haqida so‘z yuritdi hamda yangi markaz agrar sektorni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishining ushbu sohaga taʼsirini baholash kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib borishi ahamiyatli ekanini taʼkidlab o‘tdi.
“Markaz hozirda xalqaro moliya institutlari tomonidan taqdim etilgan kredit mablag‘lari va loyihalarni boshqarish masʼuliyatini ham o‘z zimmasiga oladi. – dedi ISCAD direktori, Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov. – Ushbu funksiyalarni birlashtirishdan maqsad loyihalarning uzviyligi, izchil va mantiqan aloqadorligini taʼminlash, qishloq xo‘jaligi strategiyasini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlashni bosqichma-bosqich yaxshilash, yana-da sifatli maʼlumotlar, tadqiqot va tahlillar asosida ularning samaradorligi hamda umumiy taʼsirini oshirishdir”.
EU ASK Facility rahbari Adrian Nil ISCADning O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligini 2020-2030-yillarda rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishdagi o‘rni va markazning istiqbolli rejalari to‘g‘risida fikr bildirdi.
Tadbir doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan EU ASK Facility dasturi texnik ko‘magi ostida nashr etilgan “Maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti” qo‘llanmasi va “O‘zbekistonda agrar oziq-ovqat sektori 2021/2022” hisobotining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Hisobot nashri ISCAD va EU ASK Facility mutaxassislari hamkorligida vazirlik tomonidan qo‘shma tashabbus sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat sektorining joriy holati va istiqboliga oid aniq jadvallar va xulosalardan iborat keng mavzularni qamrab olgan.“Maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti” qo‘llanmasi esa fermer xo‘jaliklarini boshqarish amaliyotini takomillashtirish maqsadida, eng avvalo murabbiy va maslahatchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarda yo‘l-yo‘riq hamda ko‘makchi hisoblanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: