Ayni paytda O‘zbekistonda kartoshka yetishtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish, sohani isloh qilish, aholining kartoshkaga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida davlat miqyosida turli imtiyozlar ishlab chiqilib, joriy etilmoqda. Shuningdek, davlat kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish, saqlash va chuqur qayta ishlash tizimlarini joriy etishga ham ko‘maklashmoqda, bu yangi qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish imkonini beradi.
2020-yil 6-mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining respublikada ichki bozorida isteʼmol va urug‘lik kartoshka yetishtirishni oshirish, kartoshkaga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish, kartoshkachilik sohasida klaster va kooperatsiya mexanizmlarini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qarori (PQ-4704-son) qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, 40 ta tuman kartoshkachilikka, xususan, 23 tuman urug‘lik kartoshka, 9 tuman yuqori avlodli (super elita) urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirildi.
Qo‘llab-quvvatlash choralari o‘z samarasini bermoqda. Mamlakatda kartoshka yetishtirish hajmi ortib bormoqda. Mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladigan ushbu muhim qishloq xo‘jaligi ekini yetishtirishda Samarqand, Andijon, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Bulung‘ur, Urgut, Yangiqo‘rg‘on va Payariq tumanlari agrarchilari mamlakatimiz bozorlariga eng ko‘p kartoshka yetkazib bermoqda. 2021-yilda mamlakatimizda yetishtirilgan umumiy kartoshkaning 74,7 foizi bozorga dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: