O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Farg‘ona vodiysidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun maslahat uchrashuvlari o‘tkazdi.
Organik mahsulotlar ishlab chiqarish Yevropa va Amerika mamlakatlarida ommabop va talabgir hisoblanadi. FiBL va Ecovia Intelligence tadqiqot markazining maʼlumotlariga ko‘ra, dunyoda organik oziq-ovqat bozori birinchi marta 100 mlrd dollarga oshdi. Umuman olganda jahonda, 71,5 mln gektar maydonda organik qishloq xo‘jaligi yuritiladi, bu o‘tgan hisobot davriga nisbatan 2,9 foizga yoki 2 mln ga ko‘pdir. 2020-yil holatiga ko‘ra dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligi yerlarining 1,5 foizida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi.
Bugungi kunda bu O‘zbekiston agrar sektorini riovjlantirishning istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi. Organik mahsulotlar yetishtirishda fermer va dehqonlar oldidagi vazifa nafaqat daromad ko‘rish, balki ishlab chiqarish jarayonlarining ekologik tozaligi, ijtimoiy yo‘naltirilganligi singari muhim jihatlar bo‘lishi kerak.
Organik mahsulotlar ishlab chiqarishda pestitsidlar, sintetik o‘g‘itlar, qo‘shimchalar va GMO ishlatilmaydi. Xalqaro qonunchilikda organik ishlab chiqarishga shunday ta’rif beriladi: “Bu organik ishlab chiqarish standartlari va qoidalari talablariga muvofiq sertifikatlangan organik ishlab chiqarishni yuritish natijasida olingan mahsulot”.
Organik sertifikatni olishda yetishtirish jarayonlarining qanday kechishi muhim hisoblanadi. Masalan, meva yetishtirishda qanday o‘g‘itlar, shuningdek, zararkunandalar va kasalliklarga qarshi qanday usullar qo‘llanilishi ahamiyatga ega. Ishlab chiqarishni transformatsiyalash uchun investitsiyalar fermerlar tomonidan kiritiladi. Ular o‘zlarining kichik maydonlarida talab katta bo‘lgan yuqori sifatli organik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishadi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birgalikda “O‘zbekistonda ekologik toza organik mahsulotlar ishlab chiqarish” loyihasi doirasida organik mahsulotlar sektorini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda. Ushbu loyiha uchun organik meva va sabzavotlarni yetishtirishga ixtisoslashgan hududlar tanlab olindi.
Loyiha konsepsiyasi “Qishloq xo‘jaligini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi”ning “Aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash”, “Qishloq hududlarini rivojlantirish” singari asosiy yo‘nalishlari, “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi Qonun va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining18.05.2020-yildagi PF-5995-son “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga maksimal darajada mos bo‘lib, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini ham aks ettiradi.
Loyiha doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligining Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasining bevosita ishtirokida Germaniyadan xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda Ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh 2022-yil 3-6-aprel kunlari Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi klaster, kooperativ va fermer xo‘jaliklari bilan bir qator tadbirlar o‘tkazdi, shuningdek, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida bo‘ldi. Manfaatdor shaxslar bilan uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad organik qishloq xo‘jaligi va uning afzalliklari, zararkunandalarga qarshi kurash, zamonaviy agrotexnologiyalar kabi bir qator asosiy yo‘nalishlar salohiyatini o‘rganish va muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Ekomahsulotlar zanjirining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan organik o‘g‘itlardan foydalanish masalasi muhokama va munozalarning asosiy mavzusiga aylandi.
Bularning barchasi organikaga o‘tishning ahamiyati haqidagi umumiy xabardorlikni oshirish, fermer xo‘jaliklari xodimlari va rahbarlarining malakasini oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ekologik barqarorlik masalasining ahamiyatini yetkazish, uzoq muddatli rentabellik hamda o‘sayotgan bozorning imkoniyatlaridan foydalanishni ta’minlaydi.
Loyiha xalqaro ekspertlarining fikricha, o‘tkazilgan tadbir va uchrashuvlar fermerlar hamda ilmiy hamjamiyat vakillarining organik mahsulotlar bozorini rivojlantirishga katta qiziqish bildirishini ko‘rsatdi.
Yevropa mamlakatlari tajribasidan ma’lumki, organik segment assortimentni kengaytirish hamda bozorda o‘z o‘rnini topish maqsadidagi kichik qishloq xo‘jaligi korxonalarida ayniqsa alohida qiziqish uyg‘otadi. Shu bilan birga, organik mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyati asosan eksportga yo‘naltirilgan yirik qishloq xo‘jaligi korxonalarini ham tobora ko‘proq o‘ziga jalb etmoqda. Zero, ekologik toza ishlab chiqarish – atrof-muhitni sog‘lomlashtirish sari qo‘yilgan qadam.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: