2022-yili boshoqli dondan yuqori va barqaror hosil yetishtirish uchun zamin yaratish ishlari o‘tgan yildayoq boshlab yuborilgan edi. Respublikamiz bo‘yicha 2022-yil hosili uchun 1 mln 33,1 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarga kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish ishlari o‘tgan yilning sentyabr-oktyabr oylarida amalga oshirilgan.
Mamlakatimizda boshoqli don hosildorligini oshirish qatorida donning sifat ko‘rsatkichlariga ham alohida eʼtibor berish muhim.
Yurtimizda ekishga tavsiya etilgan istiqbolli mahalliy va xorijiy navlar don sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha kuchli va qimmatbaho don beradi. Ammo, g‘alla yetishtirishda agrotexnika qoidalariga to‘liq rioya qilmaslik oqibatida don sifat ko‘rsatkichlari 3-4 sinfdan oshmayapti.
Birinchi muammo: yer maydoni yetmaydi
Ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari yangi yuqori hosilli navlar yaratish ustida doim ish olib borishadi, tinmay izlanishadi. So‘nggi yillarning o‘zidayoq mahalliy seleksiyaga mansub bo‘lgan 15 dan ortiq g‘alla navlari davlat reyestriga kiritildi.
Ammo, shuni aytish kerakki, ushbu navlarning birlamchi urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, urug‘ ko‘paytirish uchun ilmiy muassasalarda yer maydoni yetarli emas. Shuningdek, ilmiy institutlarda asosan yangi navlarni yaratish, xorijiy navlarni sinash va respublika sharoitida yuqori hosil beradigan navlarni tanlab olish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Keng maydonlardan yangi navlar urug‘ligini ko‘paytirish va ishlab chiqarishga joriy etish uchun esa yer maydoni yetmaydi.
Hozirgi kunda respublika bo‘yicha Urug‘chilikni rivojlantirish markazi huzurida 62 ta elita urug‘chilik xo‘jaligi va 3136 ta fermer xo‘jaligi tasarrufida 85 ming gektar maydonda boshoqli don ekinlari urug‘i ko‘paytirilmoqda.
Ikkinchi muammo: o‘rimdan qolgan urug‘liklar
Bugungi kunda hududlarda g‘alla yetishtirishda birinchi navbatda tovar don topshirishga eʼtibor qaratiladi, urug‘lik sotish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga, ushbu maydonlarni o‘rim-yig‘imiga esa eʼtibor qoniqarli darajada emas.
Yaʼni, birinchi navbatda tovar donli maydonlar o‘rib-yig‘ib olinadi. Ayrim sabablarga ko‘ra, tumanda tovar don topshirish shartnomasi bajarilmay qolgan bo‘lsa, urug‘lik topshirishga shartnoma qilingan, aprobatsiyadan o‘tgan fermer xo‘jaliklari urug‘lik maydonlaridan tovar donga mahsulot topshirishga majbur bo‘ladi.
O‘rim-yig‘im yakunida esa sara donlar terib olingan urug‘lik maydonlardan urug‘ jamg‘ariladi. Bu esa o‘z navbatida, birinchidan, urug‘lik topshirish rejasi bajarilmay qolishiga, ikkinchidan, urug‘lik sifati, nav tozaligi pasayib ketishiga olib keladi. Shuning uchun so‘nggi yillarda fermer xo‘jaliklarining urug‘lik g‘alla ekishga xafsalasi bo‘lmay, tovar-don yetishtirishni afzal ko‘rmoqda.
Birgina 2021-yil g‘alla hosilini tahlil qilsak, g‘alla yetishtiruvchi subyektlar bilan tovar don sotish bo‘yicha tuzilgan shartnoma rejasi 105,9 foizga bajarilgan. Lekin urug‘lik jamg‘arish shartnomaviy rejasi 95,8 foizga bajarilgan bo‘lib, 137 ta urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi tumanlardan 53 tasi (38,6%) urug‘lik prognoz rejasini bajarmagan. Aslida urug‘liklar barcha sharoitlarga (tuproq unumdorligi, suv bilan taʼminlanish, texnika taʼminoti) ega fermer xo‘jaliklar yerlariga ekiladi.
Uchinchi muammo: tuproq va o‘g‘it
Maʼlumki, bug‘doy don sifat ko‘rsatkichlari tuproqdagi ozuqa moddalariga bog‘lik. Respublikada keng maydonlarda yetishtirilayotgan Rossiya seleksiyasiga mansub navlar yuqori agrofon talab etadi. Masalan, Rossiyaning baʼzi hududlarida gumus miqdori 4,5-5,5 foizni tashkil etgani bois sof holda gektariga 90 kg fosfor, 60 kg kaliy va 70 kg azotli mineral o‘g‘itlar berilishi hisobiga sifatli, og‘irligi 850 g/l, kleykovinasi 30-32 foizni tashkil etadigan don olish imkoni mavjud.
Respublikamiz sharoitida ushbu ko‘rsatkich, yaʼni tuproqdagi gumus miqdori aksariyat joylarda 0,7-1,0 foiz atrofida. Bundan tashqari, tuproqdagi harakatchan shakldagi fosfor va kaliy miqdori ham hamma yerda yetarli emas. G‘alla maydonlarida gektariga talab etiladigan 90-110 kg o‘rniga 45-50 kg.dan fosforli, 60-80 kg o‘rniga 15-25 kg.dan kaliyli o‘g‘it berilmoqda.
Tuproq unumdorligini yildan-yilga pasayib borishiga sabab, bug‘doyga yetarli miqdorda ozuqa moddalarning berilmasligi, bug‘doy o‘rilgandan keyin ang‘iz qoldiqlari yerga qo‘shib haydalmasdan, kuydirib yuborilishi ham sabab bo‘lmoqda.
To‘rtinchi muammo: kechikkan yig‘im-terim
Pishib yetilgan bug‘doy o‘rim-yig‘imi bir kun kech qolsa, har bir gektar maydondan 1 sentnerdan don yo‘qotilishi va donning sifat ko‘rsatkichi 0,3 foiz pasayishi ko‘p yillik tajriba natijalarida o‘z isbotini topgan. Tahlil qilinganda, pishib yetilgan don o‘rim-yig‘imi 10 kun kech qolishi har gektardan 10 sentnerdan don hosili yo‘qolishiga olib keladi.
Yechimlar, rejalar, amallar
Urug‘chilik sexlari to‘la zamonaviy urug‘ tozalash va saralash hamda fotoseparator uskunalar bilan modernizatsiya qilinadi. Respublika bo‘yicha 2022-yil hosili uchun ekilgan 85 ming gektar urug‘lik g‘alla maydonlari aprobatsiyadan o‘tkaziladi.
5. Bundan tashqari, asosan ekish oldidan tuproq ostiga 90-110 kg sof holda fosforli va 60-80 kg.dan kaliyli mineral o‘g‘itlar berilib, bug‘doy don sifati oshiriladi. O‘simlik vegetatsiya davrida tuplanish, naychalash va boshoqlash fazalarida azotli mineral berilib, o‘g‘itlar don xajm og‘irligi, oqsil, kleykovina miqdori oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Zero, bular ko‘p yillik ilmiy tajribalarda ham o‘z isbotini topgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: