O‘tgan hafta yakunida O‘zR qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatining Urganch, Bog‘ot, Honqa, Qo‘shko‘pir va Gurlan tumanlarida qayta ishlash korxonalari faoliyati hamda loyihalarini tashkil etish ishlari bilan tanishib chiqdi.
Eng avvalo, muammolar o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Guruh Urganch tumanidagi “Tillo Domor” korxonasining yillik 20 ming tonna sutni qayta ishlab, 1200 tonna pishloq, 50 tonna sariyog‘ va 30 turdagi sut mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha tashkil etilayotgan yangi korxonasida bo‘lib, mavjud jarayonni ko‘zdan kechirdi hamda muassasa vakillari bilan faol muloqot qildi. Vazir muloqot natijasida aniqlangan muammolar, bildirilgan takliflar yuzasidan vazirlikning masʼul shaxslariga zarur chora-tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Shu joyning o‘zida Yangibozor tumanida “Kiva group” MCHJ tomonidan kunjut klasterini tashkil etish va qayta ishlash loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ayni vaqtda ushbu korxonalarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amaliy ko‘mak sifatida subsidiya mablag‘lari ajratish rejalashtirilgan.
“Shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida kunlik 200 tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Taxiatosh tumanida kuniga 50 tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushirildi, – deya taʼkidlab o‘tdi vazir Jamshid Xodjayev. – Bu kabi korxonalarning ko‘payishi aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash imkonini beradi. Shuningdek, importdan kelayotgan mahsulotlar o‘rnini mahalliy muqobil mahsulotlar bilan to‘ldirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning natijasi hisoblanadi”.
Bugungi kunda aholi isteʼmoli uchun zarur bo‘lgan o‘simlik yog‘i, un, makaron, non va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ehtiyoj darajasida ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha hududlarda ish tashkil etilib, yangi loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi maxsus ishchi guruhi respublikadagi agrologistika markazlari va mahsulotlarni qayta ishlash loyihalarini joylarga chiqib o‘rganish, korxonalarga amaliy ko‘mak berish, ularni xomashyo bazasi bilan taʼminlash, yangi loyihalarni ishga tushirish va narx-navoni barqaror saqlash yo‘lidagi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: