Qishloq xo‘jaligi mavsumi yog‘ingarchilik va hatto havo haroratining keskin sovishi sharoitida boshlandi. Bu masala bugunning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda. Paxta yetishtirish haqidagi ushbu va boshqa savollarga doir tavsiyalarini qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Begali Niyazaliyev taqdim etadi:
Mart oyining birinchi o‘n besh kunligida kuzatilgan surunkali yog‘ingarchiliklar chigit ekiladigan maydonlarda erta bahorgi agrotexnik tadbirlar (yer tekislash, boronalash, mola bosish va pushta olish) va chigit ekish ishlarini erta muddatlarda amalga oshirishni bir muncha kechiktirmoqda. Respublikamiz hududlarida chigit ekishga hali kirishilmaganligi sababli kirib kelgan sovuq havo oqimining salbiy taʼsiri kuzatilmaydi. Xususan, kuzda shudgor qilib qo‘yilgan maydonlarda tuproqda tirik holda qishlab, ayni damlarda uyg‘ongan zararli hasharotlar g‘umbaklari sovuq taʼsirida nobud bo‘lib, o‘suv davrida g‘o‘zaga zararini kamaytiradi. Shundan kelib chiqib, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari ushbu ketma-ket yog‘ingarchilik va sovuqli kunlar o‘tishi bilan darhol, chigit ekish ishlarini boshlab yuborishlari va mavsumni qisqa muddatlarda 10-12 kunda sifatli yakunlash choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.
Buning uchun mavsumda qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini ishchi holatga keltirish, mineral, yoqilg‘i-moylash materiallari (YOMM) zahirasini yaratish, mahalliy o‘g‘itlarni to‘plash, saqlash, kompostlar tayyorlash, urug‘lik chigitni maxsus maydonlarga chiqarish va chigit ivitadigan handaklarni tayyorlash ishlariga alohida eʼtibor qaratishlari lozim.
Erta bahorda va ekishdan oldin tuproqqa ishlov berish
Fosforli va kaliyli o‘g‘itlar kuzgi shudgor oldidan solinmagan bo‘lsa, erta bahorda baronalash oldidan, fosforli o‘g‘itlarning yillik 60-70% meʼyorini, kaliyli o‘g‘itlarning 50% i yerni ekish oldidan ishlashda, chizel kultivatorlar (CHKU-4) yoki boshqa turdagi o‘g‘it soladigan mexanizmlar yordamida tuproqqa kamida 15-17 sm chuqurlikka solinadi. Tuproqdagi namlikni saqlashda erta bahorda o‘tkaziladigan boronalash ekish oldidan tuproqni mayin, donador, zichligini meʼyorida bo‘lishiga olib keladi va tabiiy namlikni yaxshi saqlash xususiyatini oshiradi. Natijada chigit bir xil chuqurlik va namga ekiladi, nihollar tekis unib chiqadi, g‘o‘za barvaqt o‘sib, rivojlanadi, hosildorlik oshadi. Chigit ekish oldidan ishlov tadbirlari tuproqning holatiga qarab amalga oshiriladi. Boronalangan maydonlar yuzasi tekis bo‘lsa, ekish oldidan molalash yetarli bo‘ladi.
O‘rta va kuchli darajada begona o‘tlar bosgan maydonlarda yassi kesuvchi ishchi organlar o‘rnatilgan holda chizelga tirkalgan boronalar yordamida ko‘p yillik begona o‘tlar ildizlari tozalab chiqariladi. Yuzada qolgan ildizlar esa qo‘lda terilib, yoqib yuboriladi. So‘ng notekisliklarni bartaraf etish uchun mola bostiriladi.
Mexanik tarkibi og‘ir tuproqlar chizel yordamida 15-17 sm gacha chuqurlikda ishlov beriladi. Bunda chizel orqasiga borona tirkalgan bo‘lishi lozim. Mexanik tarkibi yengil va o‘rtacha bo‘lgan o‘tloqi tuproqlar faqat boronaladi va mola qilinadi.
Pushta olingan maydonlarda tuproqda namlik yaxshi saqlanadi hamda kesak bo‘lib qolishning oldi olinadi. Pushta haydov qatlamida tuproq zichligini uzoq muddat maqbul holatda saqlanib turishini taʼminlaydi. Bu texnologiyada tuproqning ustki qismida harorat tekis dalaga nisbatan 1-3 darajaga yuqori bo‘ladi. Chigit esa barvaqt unib chiqadi, paxta hosildorligi 4-6 s/ga oshishi taʼminlanadi.
Suv tanqis bo‘ladigan yoz mavsumida sug‘orish ishlari
G‘o‘zani sug‘orish texnologiyasining samaradorligini oshirish uchun egat oralatib sug‘orishni qo‘llash maqsadida egatlarga ikki xil ishlov berish tavsiya etiladi. Bunda har sug‘orishdan keyin haydov traktori ikkita ishni bir vaqtda bajaradi, yaʼni suv yurgan qatorni yumshatib, suv yurmagan qatorga egat olib keyingi suvga tayyorlab ketadi. G‘o‘zani egat orqali navbatlab bir xil meʼyorda sug‘organda mavsumiy suv miqdori oddiy usulga nisbatan 15-16% tejalib, hosildorlik esa 3-5 s/ga gacha oshganligi isbotlangan.
Suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish suv sarfini 20-25% gacha kamaytirishga imkoniyat yaratadi. Bunda ko‘chma egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish texnologiyasidan foydalanish tavsiya etiladi. Dastlabki suv tez oqiziladi, so‘ng egat etagiga yetib borgach suv kamaytiriladi. Egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish amalga oshirilgan bo‘lsa, bu maydonda kamida 20 foiz suv iqtisod qilinadi.
Tomchilatib sug‘orishda g‘o‘zaning o‘suv davrida mineral o‘g‘itlar suvda erigan holda uzluksiz yetkazib beriladi, tuproqning ildiz tizimi tarqalgan qatlamda optimal suv va ozuqa rejimi hosil bo‘lishi imkoniyati yaratiladi va paxta hosildorligi oshadi. G‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish qo‘llanilganda, egatlab sug‘orishga nisbatan tez-tez va kam meʼyorlarda sug‘orish tavsiya etiladi.
Chigitning turli kasalliklarga bardoshli bo‘lishini oshirish
Chigit bir tekis unib chiqishi uchun 80-100 C samarali harorat yig‘indisi talab qilinadi. Chigitni maqbul muddatda ekish, tuproqning tabiiy namligidan oqilona foydalanish tufayli keyinchalik g‘o‘zaning suvsizlikka bardoshliligini oshirish va ertaki hosil olish mumkin. Fermerlar ekish mavsumini qisqa muddatlarda sifatli o‘tkazish uchun chigit ekadigan texnika va agregatlarga, mexanizator va seyalkachilarga, urug‘lik chigitni namlash va yetkazib beruvchilarga va barcha tashkiliy ishlarga jiddiy eʼtibor berishlari kerak. Tukli chigitlarni namlash bilan birgalikda ekish oldidan yoki urug‘lik chigitlarni tayyorlash davrida Uzgumi (0,7-0,8 l/t), Bioduks (2-3 ml/t), Fitovak (300-400 ml/t) stimulyatorlari bilan ishlov berilsa, quruq ob-havo va tuproq sharoitlarida ham chigitning unuvchanligini oshiradi, ildiz tizimini baquvvat rivojlantiradi va tuproqning tabiiy namligidan unumliroq foydalanishi hisobiga uning o‘sish va rivojlanishi tezlashadi. To‘g‘ri va ilmiy tavsiyalar asosida namlangan chigitning saqlanish muddati 18 soatdan oshmasligi darkor. Namlangan va talab darajasida dimlangan urug‘lik chigitlar qoplarga solinadi va dalalarga olib boriladi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligining Multimedia markazi tomonidan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti ishtirokida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: