Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish samaradorligi ko‘pgina omillarga bog‘liq. Jumladan, ob-havo, iqlim va tuproq sharoiti, suv hamda o‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik ishlar. Ushbu materialda biz, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirishda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan asalarilar va asalarichilikning o‘rnini alohida ta’kidlab o‘tmoqchimiz.
Ma’lumki, mevali daraxtlar va boshqa ekinlar hosili uchun gullarning changlanishi muhim. Paxta yetishtirish sohasidagi mutaxassislarning fikriga ko‘ra, asalarilar paxta dalalariga joylashtirilganda, g‘oza gullarining to‘kilishi ikki baravar kamayadi, ko‘chatlardagi ko‘saklar soni 43 foizga, 1 ta ko‘sakdagi paxta tolasining vazni 12,8 foizga ortadi hamda hosildorlik sezilarli darajada oshadi.
O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida asal ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga ko‘ra, 2021-yilda Respublika bo‘yicha 25 ming tonnadan ortiq asal yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2020-yilga nisbatan (21 410 tonna) 17% ga ortiq.
Garchi asal eksporti hajmi katta bo‘lmasa-da (2021- yilda 30 tonna), O‘zbekiston tomonidan ona asalari (malika), naslli ramkalar va ma’lum miqdordagi ishchi asalarilardan iborat kichik oilalar asalari paketlari ko‘rinishida faol eksport qilinmoqda. 2021-yilda 311 ming donadan ortiq asalari paketlari MDH davlatlariga eksport qilindi. Bu 2020-yilga nisbatan 28 foizga ko‘p (243 ming dona). Shuningdek, 2022-yilda 350 ming donadan ortiq asalari paketlari eksport qilinishi rejalashtirilgan.
“Asalari oilalari” eksporti asosan Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari xo‘jaliklarida amalga oshiriladi.
Asalarichilik sohasida olib borilayotgan samarali tadbirlar natijasida asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan subyektlarda parvarish qilinayotgan asalari oilalari soni 1,1 mlnga yetkazilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan (907 ming dona) 21% ga yoki 193 ming donaga oshdi.
Naslchilik ishlarini takomillashtirish maqsadida Farg‘ona viloyatida “Karpat” va “Karnika” zotlari uchun himoyalangan urchitish punkti tashkil qilindi.
Farg‘ona asalarilari nima uchun Surxondaryoga “kelgan”?
Arilarni Surxondaryo viloyatida uyg‘otish amaliyoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada asalarichilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3327-sonli Qarori asosida 2018-yildan yo‘lga qo‘yilgan.
Surxondaryo viloyatida tabiat uyg‘onishi bodom gullashi bilan boshlanadi. Bodom daraxtlarini changlatish va qish uyqusidan uyg‘otish uchun asalarilar Farg‘ona viloyati va boshqa viloyatlardan fevral oyida olib kelinadi. Sababi bahor mavsumining kirib kelishi mamlakatimizning eng janubiy hududida bir oy oldin boshlanadi. Surxondaryoda mehmon bo‘lgan arilar o‘z ishini tugatib bo‘lgach, yana qaytib olib ketiladi va viloyatlarida bahorni kutib olishda davom etadi.
Shu sababli, arilar uchun faol bahoriy gullash mavsumi ikki oy davom etadi. Bu esa yakuniy mahsulot, ya’ni asal tarkibida foydali bahorgi gullar nektari miqdorining oshishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, asalarilarning erta uyg‘onishi ularning faolligini oshirib, ko‘payish, oilani kengaytirish, shuningdek, yangi ona asalari tug‘ilishiga tayyorgarlik jarayonini yaxshilaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: