Toshkent shahrida YEI Komissiyasi, Jahon Banki vakillari, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi ekspertlari ishtirokida YEI granti doirasidagi “Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish. 2-bosqich” loyihasining “Qishloq xo‘jaligini intensivlashtirish va diversifikatsiyalashni qo‘llab-quvvatlash hamda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish” B-komponenti ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Loyiha maqsadi – sug‘oriladigan dehqonchilikni barqaror rivojlantirishni taʼminlash va Farg‘ona vodiysining uchta subloyihasi: “Isfayram—Shohimardon” (54 375 ga), “Podshaota-Chodak” (29 507 ga) va “Savay-Akburasoy” (19 740 ga) irrigatsiya tizimlarida suv va yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishdan iborat. Shuningdek, agrar sohani zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar bilan taʼminlash, kelajakda suv tanqisligini oldini olish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yuqori hosildorligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga erishish ham nazarda tutilgan.
Taqdimot doirasida xalqaro ekspertlar, davlat tashkilotlari va sohaning yetakchi korxonalari vakillari “O‘zbekiston respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030- yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini”da belgilangan suv resurslarini boshqarish tizimida innovatsion yechimlar, tajriba maydonlarining foydasi haqidagi institutsional bilimlarni oshirish maqsadida fermerlar va klasterlar uchun treninglar o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqishdi.
Tadbir yakunida loyiha vakillari hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS), O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Agrar soha ayollari” uyushmasi va ShirinMeva “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik marketingi” loyihasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Loyiha haqida:
“Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish. II-bosqich” loyihasi (O‘zR Prezidentining 2017-yil 16-sentyabrdagi №PQ-3282 – sonli Qaroriga asosan) doirasida 2022-yil yanvardan 2024-yil fevralgacha davom etadigan “Qishloq xo‘jaligini intensivlashtirish va diversifikatsiyalashni qo‘llab-quvvatlash hamda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish” trening dasturini o‘z ichiga oluvchi loyihaning B komponentini “Annexure Financial Solutions Limited” (Gonkong) / “SMEC International Pty Limited” (Avstraliya) konsorsiumi amalga oshirib kelmoqda. Loyiha qiymati 2,7 mln AQSH dollarini tashkil etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: