Bodom mevali daraxtlar ichida bahorning eng birinchi nishonasi sanaladi. Odatda, bodom boshqa mevali daraxtlardan avvalroq fevralda yoki mart oyining boshlarida gullaydi. Bu yil esa yanvar oyining oxiridayoq bodom gullaganiga guvoh bo‘ldik. Shuning uchun bodom bahorning kutilmagan sovuqlariga ko‘p uchraydi. Shunga qaramay, O‘zbekistonda bodomning umumiy hosili yildan-yilga ortib bormoqda, xuddi ekilayotgan va yetishtirilayotgan bog‘larning maydoni kabi.
Agar 2020-yilda mamlakat bo‘yicha 8,8 ming gektar bodomzor mavjud bo‘lib, bir gektardan 9,7 tonna mahsulot olingan bo‘lsa, 2021-yilga kelib ushbu maydonlar deyarli ikki baravar oshirilib, qariyb 15,7 ming gektarga yetkazildi va gektaridan 9,8 tonna mahsulot olishga erishildi. Joriy 2022-yilda esa Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yana 2,7 ming gektar maydonda bodom bog‘larini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.
Eksport-import
2021-yilda bodom mamlakatimizdan 34 mamlakatga, eng katta xajmda Qirg‘iziston Respublikasi (485 t), Fransiya (260 t), Qozog‘iston (191 t), BAA (174 t), Italiyaga (74 t) yo‘l oldi. Hammasi bo‘lib 6,7 mln AQSH dollarilik 1 520 tonna bodom eksport qilindi.
Bodom importi esa 17 mamlakatdan 1,1 mln AQSH dollarilik 359 tonnani tashkil etdi, bunda uning eng yirik hajmi Afg‘oniston (122,6 t), Ozarbayjon (42,7 t), Koreya (38,5 t), Irlandiya (37 t), Xitoydan (33,6 t) keltirildi.
Birinchi bo‘lib gullaydigan mevali daraxt
Aynan shuning uchun bahorda to‘satdan tushadigan sovuq bodomning nozik gullarini ko‘proq zararlaydi. Masalan, 2021-yilda mamlakatimizning janubiy hududlarida hosilning bir qismi yo‘qotilgan edi. So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi tufayli anomal ob-havo hodisalari tobora ko‘proq ro‘y bermoqda. Mana shunday holatlarni inobatga olib, agronom-olimlar gullashni kechroq boshlovchi navlar tanlashni tavsiya etishadi. Chunki gullayotgan bog‘larni qattiq sovuqdan qutqarib qolishning deyarli ilojisi yo‘q.
Issiqsevar, qurg‘oqchilikka o‘ta chidamli bodom yiliga 500-700 mm.dan ziyod yog‘ingarchilik kuzatiladigan Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining tog‘ va tog‘oldi qiyaliklarida o‘sib hosil beradi.
Respublikamizda bodomning yuqori sifatli mahalliy va chet (AQSH, G‘arbiy Yevropa, Qrim, Turkmaniston va boshqa davlatlar)dan keltirilgan o‘nlab navlari sinovdan o‘tkazilgan.
Ekish uchun erta hosilga kiradigan, qurg‘oqchilik va bahorgi sovuqlarga nisbatan chidamli, hosildorligi mo‘tadil, mag‘zi mazali, bozor talablariga javob beradigan bodomning istiqbolli navlari iqlim sharoitimizga moslashtirib tanlab olingan. Mamlakatimiz sharoitida ekish uchun moslashtirilgan navlardan: “Kolxozchi”, “Go‘zal”, “Tyan-shon”, “Samarqand 56”, “Bo‘stonliq” navi, “O‘zbek g‘alviragi”, “Zavetniy-joydori”, “Konsoy-joydori”, “Malika”, “Zarina” kabilar tavsiya qilinadi.
Bodom yetishtirishning afzalliklari
Bodom mevasi yilning avgust-sentabr oylarida pishadi. Uni saqlash va eksport qilish qulay.
Daraxtining o‘zi 3-4 yoshidan boshlab hosilga kiradi, 12-18 yoshidan 35-40 yilgacha yaxshi hosil beradi. To‘g‘ri parvarishlansa, 60-100 yil yashab, hosil berishi mumkin. Bir tup daraxtining hosildorligi 3-4 kg dan 10-20 kg.gacha yetadi.
Shuningdek, bodom boshqa mevali daraxtlarga qaraganda tuproq sharoitlariga yaxshi moslashadi, kasallik va zararkunandalarga chidamli. Tog‘li hududlardagi sug‘orilmaydigan (lalmi) nishablikdagi maydonlar bodom uchun juda mos keladi. Qobig‘idan yoqilg‘i sifatida foydalaniladi.
Bug‘doyni sug‘orish
Bodom qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik, lekin qo‘shimcha sug‘orish orqali hosildorligi yanada ortadi, bu uning kuchli o‘sishi, mag‘zi shakllanishi, yaxshi meva hamda novda berishiga ham ta’sir qiladi. Sug‘orish usullari ichida eng mos bo‘lgani tomchilatib sug‘orish bo‘lib, har bir daraxtga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va kerakli miqdorda suv yuborishga imkoniyat beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: