Denov tumani Xazarbog‘ massivi xo‘jaliklarida issiqxona tipidagi maydonlarga o‘tgan yilning noyabr oyida Gollandiyaning “Sante”, “Arizona” kartoshka navlari plyonka ostiga ekilib, “termos” usulida yetishtirildi. Fevral oyi o‘rtalaridayoq ushbu xo‘jaliklarda 1 gektar maydondan o‘rtacha 12 tonna kartoshka hosilini qazib olish rejalashtirilmoqda.
Surxondaryo viloyati janubiy mintaqada joylashgani bois qish oylarida ham iliq kunlar ko‘p bo‘ladi, bu esa isitilmaydigan plastik issiqxonalarda mahsulot yetishtirish imkoniyatini beradi. Fermerlarning aytishicha, issiqxonada “termos” usulida ekin ekishning afzalligi shundaki, unda elektr energiyasi, ko‘mir, gaz talab etilmaydi. Issiqlik va namlik tabiiy usulda saqlanadi. Ushbu issiqxonalarda ekilgan kartoshkaning “Sante” navi esa aynan namlikka chidamlidir.
– Avvalo kartoshkani erta muddatlarda yetishtirgan agrarchilarning mehnati hamda bilimini taʼkidlab o‘tish kerak. Zero, ular to‘g‘ri navni tanlagan, vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olgan, agrotexnik tadbirlarni qo‘llay bilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Alisher To‘rayev. – Virusga chidamli ertaki kartoshkaning aynan plyonka ostiga ekilishi yaxshi natija beradi. Agar sabzavotlar ushbu usulda to‘g‘ri ekilsa, ekish muddati va hosil yig‘ishni ikki haftadan bir oygacha ertaroq amalga oshirish imkoni mavjud bo‘ladi. Natijada kelgusida importni qisqartirish, yetishtirilgan kartoshka va boshqa sabzavotlardan iborat agromahsulotlarimizni aholiga o‘z vaqtida yetkazib berish imkoniyati tug‘iladi”.
Taʼkidlash joizki, Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlarida ertaki kartoshka tuganaklarini plyonka ostiga 1-20 noyabr kunlari ekib yetishtirish bo‘yicha yetarli tajriba orttirilgan. Qolaversa, o‘tgan yili ob-havo sharoiti qulay bo‘lgani bois, ertaki ekinlarni muddatidan ilgari ekishga erishildi.
“Surxondaryo viloyatidagi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda aholi tomorqalarida kichik hajmli isitilmaydigan issiqxona yoki ochiq maydonlarda “termos” usulidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish keng qo‘llaniladi. Asosan, oqbosh karam, gulkaram, bosh salat, salat, rediska, shirin qalampir, ko‘kat sabzavotlar, shuningdek, poliz ekinlari va kartoshka kabi mahsulotlar ekiladi. Ob-havo va iqlim sharoitlari o‘xshash boshqa ba‘zi viloyatlarda surxondaryolik fermerlarning tajribasini o‘rganib, salmoqli hajmdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini odatiy muddatidan ilgari yetishtirish mumkin. Bu esa ichki bozorlarda barqarorlikni saqlab qolish va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi hamda daromadlarini oshirishga imkoniyat yaratadi, – deya taʼkidlab o‘tdi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik bo‘limi boshlig‘i Bekzod Nuriddinov.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: