Joriy yilning 11-yanvar sanasida “Yaylov yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish yo‘llari” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Anjumanda dunyo aholisi sonining yuqori sur’atlar bilan o‘sib borishi natijasida oziq-ovqatga bo‘lgan talab ham yildan-yilga ortib borayotganligi, buning yagona yechimi sifatida ekin ekiladigan maydonlarni ko‘paytirish va suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashga asosiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Ilmiy seminarda Respublikamizda oxirgi 15 yilda aholi soni 27 mlndan 35 mlnga ko‘paygani, jon boshiga to‘g‘ri keladigan sug‘oriladigan maydonlar 0,23 gektardan 0,16 gektargacha, o‘rtacha yillik suv ta’minoti gektariga 3 048 metr kubdan 2889 metr kubgacha kamaygani haqida so‘z ketdi. Mazkur masalaning yechimi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17- iyunda “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5742-sonli Farmoniga asosan 2030-yilga qadar jami 1 mln 111 ming, shundan 813 ming gektar lalmi va yaylov yerlarini ekin ekish maqsadida o‘zlashtirish belgilab berilgan.
Tadbirda ta’kidlanishicha, olib borilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamizning turli mintaqalarida tarqalgan tog‘, tog‘oldi va cho‘l yaylovlarini ikki yo‘nalishda, ya’ni “Tuproqshunoslik” va “Yer tuzish” sohalarida kompleks o‘rganish asosida tuproq qatlami qalinligi va unumdorligini hamda geobotanik holatini aniqlash orqali yaylov yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish yo‘llarini ishlab chiqish maqsad qilindi.
Ilmiy seminar doirasida shuningdek, vazir o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetovning 06.01.10 – “Yer tuzish, kadastr va yer monitoringi” Qishloq xo‘jaligi fanlari ixtisosligi bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Dissertatsiyaga ko‘ra, yaylov yerlarida sinovdan o‘tkazilgan “Water-box” qurilmasini iqtisodiy samaradorligidan kelib chiqib, respublikamiz hududi uchun har tomonlama mos bo‘lgan sodda, tejamkor va universal “Suv yig‘ish qurilmasi”ni keng maydonda joriy etish tavsiya etilmoqda.
Aytish joiz, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning “Water-box” texnologiyasi 2016-yilda O‘zbekistonga birinchi marta olib kelinib, ilk bor Jizzax viloyati Zomin tumanida va Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi tog‘, tog‘oldi yaylov yerlarida hamda Buxoro viloyati Vobkent tumani cho‘l yaylov yerlarida tashkil etilgan pilot maydonchalarda sinovdan o‘tkazildi.
“Biz tomondan modifikatsiyalashtirilib, ishlab chiqilgan “Suv yig‘ish qurilmasi” foydali modeli sodda, tejamkor va universal moslama hisoblanadi, – deydi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov. – U 2 ta yarim silindirdan iborat bo‘lib, har bir silindr 15 litr hajmga ega, ular yon tomonidan birlashtiriladi va 30 litr hajmga ega yaxlit konteyner shakllanadi. Ustki yon qismiga o‘rnatilgan halqa hisobiga qurilma yuza sathi diametri 70 smga yetadi, bu esa yog‘in suvini konteynerga to‘liq yig‘ish imkonini beradi, suv sarfi vegetatsiyaning 104-110 kuniga (to‘liq) yetadi».
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: