Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va vazirlik ishchi guruhining Buxoro viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni ham ko‘plab fermer xo‘jaliklari faoliyati tanishuvi bilan kechdi.
Navbatdagi manzil Buxoro tumanidagi “Rabotiqalmoq” MFY hududida joylashgan “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Ushbu fermer xo‘jaligi 2007-yilda tashkil topgan bo‘lib, hozirda bu yerda 31 nafar ishchilarning bandligi taʼminlangan. Fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 236 gektar, shundan 105 gektarda paxta, 85 gektar maydonda esa g‘alla yetishtirilmoqda. Bu yerda faqatgina paxta va g‘alla yetishtirish bilan kifoyalanilmasdan 2 gektar maydonga poliz mahsulotlari ekilib, 2 gektarda bog‘ barpo etilgan. 12 gektar maydon esa chorva mollarining ozuqasi uchun ekin yetishtirishga mo‘ljallangan. Hamma gap rahbar-da, deb bejizga aytishmaydi. Buning isboti sifatida esa, ushbu fermer xo‘jaligiga tinib-tinchimas mirishkor, Muhammad Ahmedov rahbarlik qilib kelayotganini bilishning o‘zi yetarli. O‘zbekiston Qahramoni Muhammad Ahmedov shu yoshga kirishiga qaramasdan g’ayrati jo’shib, yoshlarga nafaqat o’rnak bo’lmoqda, balki haqiqiy hayot maktabini ham o’tamoqda. O‘zbekiston Qahramoni chin ma’noda bugungi kunda qishloq xo’jaligi sohasida fidoiy mahnat qilishi bilan birgalikda milliy urug’ genofondini saqlash va uni to’laligicha istiqbolli ekishga tayyorlashda ham jonbozlik ko’rsatmoqda. Qishloq xo‘jaligi vaziri ushbu fermer xo‘jaligiga tashrifi chog‘ida avvalo, ularning erishgan yutuqlariga qiziqdi. Ayniqsa, fermerning qanoti bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalarisiz yutuqlarga erishib bo‘lmaydi. Xususan, fermer xo‘jaligi o‘z faoliyatida dalalarni ekin ekishga tayyorlashda zamonaviy “Buxoro – M”chizel texnikasidan foydalanayotganini va hozirda sinov davridagi ushbu innovatsion chizel ko‘plab qulayliklarga egaligiga eʼtibor qaratildi. Chizel tuproqqa ishlov berishda o‘g‘itni 15 sm gacha chuqurlikka yetkazib berishini taʼminlashi bilan ham eʼtirofga loyiq. Buni qarangki, ushbu texnika ekinning vegetatsiya davridagi agrotexnik tadbirlarning xarajatlarini hamda suv sarfini bir necha barobarga kamaytirdi, ishchi kuchini tejaydi hamda hosildorlika ijobiy taʼsir qiladi.
Bundan tashqari fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli bo‘lgani bois, bu yerda asalarichilikka ham alohida eʼtibor qaratilib, yetti xazinaning biri bo‘lgan— asalarilar parvarish qilinmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirining eʼtiborini tortgan jihat ham aynan bu yerdagi asalarichilik va chorva mollari uchun ozuqa yetishtirish bo‘ldi. Sababi, bu tarmoqlar nafaqat ushbu fermer xo‘jaligining o‘ziga balki, butun agrar soha rivojiga o‘zining ijobiy taʼsirini ko‘rsatishi bilan ham eʼtiborga molik.
Qishloq xo‘jaligi vazirigining eʼtiboridagi keyingi manzil Jondor tumanidagi “Yakkatut g‘allachilik, urug‘chilik va sholichilik” MChJ klasteri bo‘ldi. Aziz Voitov bu klasterda sara bug‘doy urug‘ligining 6 xil navi yetishtirilayotganiga va ularning o‘ziga xosligiga katta qiziqish bildirdi. Ayniqsa, ushbu urug‘larni yetishtirish, ularni qaysi maydonlarda ekish va hosildorlik bilan bog‘liq barcha savollarga fermer xo‘jaligi vakillaridan yetarli javoblar olindi. Shuningdek, ushbu klasterda 2023-yil hosili uchun soya yetishtirilayotgani va undan kutilayotgan hosil eʼtibordan chetda qolmadi. Yana bir eʼtiborli jihat shundaki, bu klasterda bir kunda 240 tonna bug‘doy saralanib, ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Mehnatkash insonlarga va ixtirolarga boy Buxoro viloyatiga tashrifning keyingi manzili Qorako‘l tumanidagi “Merganteks” MChJ paxta-to‘qimachilik klasteri va unga tegishli Darg‘ali hududidagi “Yangiboy Ochil” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Dastlab, bu yerda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga mo‘ljallangan polietilen plyonkasi va shlang ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishildi. Shuningdek, ushbu klaster bilan shartnoma tuzgan fermer xo‘jaliklarining paxta va g‘alla maydonlari ko‘zdan kechirildi. Eʼtiborlisi, 3 ming gektar maydonga ekilgan paxta plyonka ostida tomchilatib sug‘orish asosida yetishtirilmoqda. Paxtachilikda erishilayotgan yutuqlar, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishning afzalliklari tashrif doirasidagi muhokamalar mavzusiga aylandi. Darvoqe, ushbu klasterning yutuqlarini taʼminlashdagi yana bir jihat—ekin maydonlarining holatini o‘rganayotgan dronlar desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Dronlar maydonlardagi ekinlarning holatini aniq-tiniq ko‘rsatib beradigan uchar “ko‘zgu”lardir. Aziz Voitov ushbu klasterdagi amaliyot boshqa fermer xo‘jaliklari uchun ham namuna ekanini taʼkidlab, buni hudud bo‘ylab joriy etish lozimligini taʼkidladi.
Darvoqe, endi qishloq xo‘jaligidagi ekinlarni tomchilatib sug‘orish uchun zarur qurilma va qismlarni xorijiy davlatlardan olib kelishga hojat qolmayapti. Sababi, “Merganteks” MChJ brendi ostida xorijnikidan qolishmaydigan shlang va plyonkalar ishlab chiqarilayotgani Qishloq xo‘jaligi vazirining eʼtirofiga sazovor bo‘ldi. Samimiy ruhda kechgan muloqotda klaster vakillari vazirga o‘zlari erishgan yutuqlar bilan bir qatorda bank kreditlari, subsidiyalari bilan bog‘liq muammolarini bayon etib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarini bildirishdi. Aziz Voitov esa fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlovchi subsidiyalar va ularni olish yo‘l-yo‘riqlari, bu boradagi ko‘maklarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bugungi kunda ushbu klaster 2000 nafarga yaqin ishchilarni o‘zida birlashtirgan. Bu yerda hali qilinajak ishlar bisyor. Eng asosiysi, bugun qishloq xo‘jaligida klasterlarga bildirilayotgan ishonch va imkoniyatlarning ijrosini bu maskanda topishingiz mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: