O‘zbekiston Respulikasi Prezidentining Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidagi turli tarmoqlar rahbarlari Italiya rasmiy doiralari vakillari va kompaniyalar rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan bugun O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Lombardiya xalqaro munosabatlar bo‘yicha davlat kotibining o‘rinbosari Rafaele Kattaneo bilan uchrashdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Lombardiya – Italiyaning qishloq xo‘jaligi eng faol rivojlangan mintaqasi. 46 000 ta qishloq xo‘jaligi korxonalari va 6 000 ta oziq-ovqat sanoati korxonalari, Italiyaning agrooziq-ovqat tarmog‘ining 15% ulushi – Lombardiyaning ko‘rsatkichlari ancha salmoqli.
Shuningdek, Lombardiya sifatli agrooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda ham katta obro‘ga ega: 34 ta PDO (himoyalangan kelib chiqish belgisi)li va PGI (himoyalangan geografik ko‘rsatkich)li mahsulot, qayta ishlash, konservatsiya va yetilish jarayoniga ko‘ra saralab olingan 264 ta an’anaviy mahsulot ishlab chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Lombardiya mintaqasining agrar sohadagi yutuqlarini yuqori baholab, ikki tomonlama hamkorlik takliflarini o‘rtaga tashladi.
Birinchi taklif O‘zbekistonga texnlogik jihozlar yetkazishga oid bo‘lib, bunda italyan kredit tashkilotlari xizmatlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda himoyalangan geografik ko‘rsatkichlarni joriy qilishda Lombardiya tajribasi ancha qo‘l kelishi aytildi. Dunyoga mashhur Mirzacho‘l qovunlari, Jizzax somsasi, Samarqand noni kabi hududga bog‘liq brendlar borki, ularni ilgarilatishda italiyaliklar bilan hamkorlik foydadan xoli bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, Aziz Voitov Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Italiya bilan hamkorlikda «BMB Trade Group» kompaniyasi tomonidan za’faron yetishtirish yo‘lga qo‘yilgani, bu loyihaning ikkinchi bosqichida za’faron yetishtiriladigan yer maydonlarini 2 ming gektargacha ko’paytirish va uni yurtimizda qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, ya’ni qo’shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish borasidagi hamkorlikning istiqbolli jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar uzum yetishtirishda italyan texnologiyalaridan foydalanish; O‘zbekistonda za’faronning yangi navlarini yetishtirish; barra meva va sabzavotlar, sharbatlar, dukkakli o‘simliklar eksporti borasida ham hamkorlik imkoniyatlari kattaligini ta’kidlashdi.
Italiya biznes doiralarining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga qiziqishi kuchli ekanini inobatga olib, joriy yil kuzida italiyalik tadbirkorlarning O‘zbekistonga biznes-missiyasini uyushtirish taklif etildi. Ushbu takliflar Lombardiya tomonida katta qiziqish uyg‘otdi, batafsil muhokama etildi va ularning har biri bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilishi aytildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: