2023-yil 7-iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan «Qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish, ularni bozor aktiviga aylantirish hamda yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish» mavzusidagi davra suhbati yer resurslaridan oqilona foydalanish muammosining yechimini izlashga bag‘ishlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad keng jamoatchilikning, xususan, olimlar va mutaxassislarning e’tiborini yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish hamda barqaror boshqarish bilan bog‘liq dolzarb muammolar va ularning samarali yechimi bo‘yicha islohotlarni belgilab olish bo‘ldi.
Tadbirda yaylovlar degradatsiyasiga qarshi kurashish borasida barcha kuchlarni yagona maqsad sari birlashtirish orqali dunyoning ilg‘or davlatlari tajribalarini, yangi zamonaviy innovatsion texnologiyalarni sohaga joriy etish, yaylovlardan ilmiy asoslangan holda oqilona va samarali foydalanishni tashkil qilish lozimligi haqida so‘z bordi.
Yaylovlar degradatsiyaga uchrashining asosiy sabablari yaylovlarda almashlab boqishning tashkil etilmaganligi, yuklamaning ko‘payib ketishi, infratuzilma obyektlarining ishdan chiqqanligi, o‘simliklar urug‘chiligini yetarli darajada tashkil qilinmaganligi, qurg‘oqchil mavsumlarning davomiyligi hisoblanadi.
Bu borada “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti bosh direktori Ruhiddin Turayev ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
“Bugungi kunda yaylov maydonlarining degradatsiyaga uchrashining asosiy omillaridan biri — chorva mollarini noto‘g‘ri tarzda boqish. Yaylov maydonlaridagi o‘simliklarning urug‘lari yetilmasdan chorva mollarini betartib boqamiz va buning oqibatida bugungi kunda mamlakatimizdagi 18 foiz yaylov maydoni kuchli darajada, 40 foizga yaqin maydonimiz esa turli darajada degradatsiyaga uchragan. Degradatsiyaning oldini olishning yagona yo‘li yaylovlarni qayta tiklash, yaylov urug‘chiligini qayta tashkil qilishdan iborat. Hozirda O‘zbekiston sharoitida yaylovlarga shamol yordamida o‘z-o‘zidan ko‘payadigan urug‘larni ekish, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiq”.
Davra suhbatida bir qator xalqaro ekspertlar, chet ellik soha mutaxassislari ham ishtirok etishdi. Shvetsariyalik Klod Begl ham yaylovlarning degradatsiya jarayonlariga uchrashiga qarshi o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi:
“Men O‘zbekistonda yerlarga g‘amxo‘rlik qilish va ularning unumdorligini saqlab qolish borasida bir qancha chora-tadbirlar ko‘rilayotganiga guvoh bo‘ldim. Bu masala har qanday mamlakat siyosatida juda muhim. Bir tomonda fermerlar, bir tomonda esa chorva mollari va yaylovlar, bu muammoni hal qilish uchun mamlakatingizda yaxshi ishlar olib borilyapti. Sizlar xalqaro tajriba va bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb qildingiz va ular bilan birgalikda rejalashtirilgan bir qancha loyihalar bor, bu o‘z navbatida bu boradagi kamchiliklarni bartaraf qilish uchun eng yaxshi yo‘l, deb o‘ylayman. O‘zbekistonga bunday tajriba almashishlar juda zarur, bu bir qancha vaqt talab qilishi mumkin, biroq iqlim o‘zgarishi aynan mana shunday hamkorlikni talab qilyapti”.
Bundan tashqari tadbirda ishtirok etgan turkiyalik xalqaro ekspert Vedat Mirmаhmudo‘g‘li O‘zbekiston hamda Turkiya misolida yer resurslaridan oqilona foydalanish borasida bir qator fikrlarni bildirib o’tdi:
“Bizda yaxshi va yomon misollar bor, bu misollar O‘zbekiston uchun juda muhim, chunki O‘zbekiston hozirda yer transformatsiyasi ustida ish olib boryapti. Salbiy misollardan biri — bu Turkiya 1918-yilda yer maydonlarini «Ona va bola»ga ajratish amaliyotini boshladi, biroq bu qishloq xo‘jaligi sohasiga salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Shu sababli men O‘zbekistondagi mutasaddilarni Turkiyadagi vaziyatni chuqur tahlil qilishga chaqirmoqchiman. Hozirgacha Turkiyada yer maydonlari qisqarishi ishlab chiqarish va suv bilan bog‘liq mumammolarni keltirib chiqardi, bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlarini o‘zgartirishdan foyda yo‘q. Yaxshi misol esa, biz yerlarimizning potensial imkoniyatlaridan kelib chiqib, ishlab chiqarishga e’tibor qaratishni boshladik, ya’ni yerlarimizda yetishtirish va ulardan maksimal foyda olish mumkin bo‘lgan hosil turlarini belgilab, aynan o‘sha mahsulotlarni ishlab chiqarishni boshladik va bu borada katta yutuqlarga erishdik”.
Davra suhbati ilg‘or tajribalar va ilmiy yangiliklar asosida yaylovlar degradatsiyasiga qarshi kurashishda muhim qadam bo‘lib, kelajakda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda, global iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlarini yumshatishga qaratilgan barqaror rivojlanish yo‘lida aniq strategik maqsadlarni belgilab olishda katta xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: