O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Niderlandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Andre Karstens bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Niderlandiya elchisi uning mamlakati O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni kengaytirish niyatida ekanligini bildirdi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini mintaqadagi eng jo‘shqin taraqqiy etayotgan, ishonchli bozor deya ta’rifladi va Niderlandiya qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini izhor qildi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ikki mamlakat o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlik aloqalari keyingi yillarda jadal rivojlanayotganligini qayd etib, munosabatlar ko‘lamini yanada kengaytirish uchun imkoniyatlar yetarli ekanligini ta’kidladi.
Xususan, uchrashuvda issiqxonalar faoliyatini tashkil qilishda Gollandiya tajribasidan foydalanish, jumladan golland mutaxassislari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, bevosita joylarda o‘quv-treninglar o‘tkazish masalasi muhokama etildi. Bunda an’anaviy sabzavot mahsulotlari emas, balki boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, jumladan gulchilikka ixtisoslashgan issiqxonalarni yo‘lga qo‘yishga alohida urg‘u berildi.
Elchi niderlandiyalik biznes doiralari O‘zbekiston agrar sohasiga katta qiziqish bildirishlari, jumladan bog‘dorchilik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, agrotexnika va texnologiyalar borasida hamkorlik niyatida ekanliklarini yetkazdi.
O‘zaro aloqalarni amaliy maydonga ko‘chirish va jadallashtirish maqsadida, vazir boshchiligida qishloq xo‘jaligi sohasidagi davlat idoralari va xususiy sektor vakillarining Niderlandiyaga amaliy tashrifini uyushtirish, O‘zbekistonda ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida agroforum tashkil qilish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda vazir Niderlandiya elchixonasini, shuningdek ushbu mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyatini sentyabr oyida Samarqandda FAO bilan hamkorlikda o‘tajak oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishlangan konferensiyasida qatnashishga taklif etdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: