“Barqaror rivojlanish maqsadlari: oziq ovqat xavfsizligi va suv ta’minoti” xalqaro konferensiyasi dolzarb va qiziqarli chiqishlarga boy bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, mamlakat barqaror rivojlanishida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohalarining salmoqli o‘rin tutishi haqida to‘xtaldi.
Bugun global miqyosda kechayotgan tabiiy-iqlim jarayonlarida oziq-ovqat xavfsizligi har qachongidan ham ko‘ra muhimroq o‘rin tutmoqda. Suv resurslarining qisqarishi, suvga talabning o‘sib borishi qishloq xo‘jaligida tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishni, suv tejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etishni taqozo qilmoqda. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida davr chaqiriqlariga munosib javob bergan holda, puxta o‘ylangan agrar islohotlar olib borilmoqda. Bugungi xalqaro konferensiya O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan jahon hamjamiyatini tanishtirish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Umid Mamadaminov:
— Bugungi tadbirda eng dolzarb ikki masala – oziq-ovqat xavfsizligi va suvni tejash bo‘yicha bahs-munozaralar o‘tkazilmoqda. Unda chet eldan yirik kompaniyalar vakillari, malakali mutaxassislar qatnashmoqda. Zero oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyoda dolzarb masala bo‘lib turibdi. Oziq-ovqat xavfsizligi muammosining bir qancha omillari bor. Birgina o‘g‘itlar masalasini olsak, keyingi yillarda o‘g‘itlar narxi sezilarli oshdi va bu oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashuviga olib kelmoqda. Tadbirda xorijiy mutaxassislar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi o‘z qarashlarini ifodalashdi. O‘zbekiston tomoni ham arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z strategiyasini ishlab chiqqan, bugungi tadbir qatnashchilari ushbu strategiya bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirda qatnashayotgan ko‘zga ko‘ringan xalqaro ekspertlar, xorijiy mutaxassislar, ilm-fan, biznes va keng jamoatchilik vakillaridan iborat chet el mehmonlari O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi ishlarni qiziqish bilan o‘rgandilar.
Chunonchi, “Swiss NeWater Holding” kompaniyasi asoschisi (Shveysariya) Klod Begl bu boradagi o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi:
— Men O‘zbekiston turli sohalarda, jumladan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida rivojlanib borayotganini qiziqish bilan kuzataman. “Swiss NeWater Holding” kompaniyasi BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarida ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarish yo‘lida, butun dunyo aholisi uchun yanada xavfsiz va yaxshiroq hayotni ta’minlashga xizmat qilishga intiladi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, bu yo‘lda ilg‘or tozalash texnologiyalarini tatbiq qilish, keng ko‘lamdagi ishlab chiqarishlar uchun umumiy mexanizmlarni taqdim etish borasida biz hamkorlikka tayyormiz.
Konferensiyada “Yangi O‘zbekistonda 2030-yilgacha qishloq xo‘jaligining rivojlanish strategiyasi: imkoniyatlar va istiqbollar” yo‘nalishida xorijiy mutaxassislar – Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Vedat Mirmahmudogullari, Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazi direktori Szolt Polgar ham ma’ruza bilan chiqish qildilar.
Eslatib o‘tamiz, “Barqaror rivojlanish maqsadlari: oziq ovqat xavfsizligi va suv ta’minoti” xalqaro konferensiyasi “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: