Qishloq xo‘jaligida ekiladigan ekinlarning nafaqat aholi ehtiyojini qondirishdagi, balki yer, tuproq unumdorligini oshirishdagi ahamiyati bisyor. Jumladan, so‘nggi yillarda mamlakatimizning mavjud ekin maydonlarida soya ekinini ekish va hosilidan oziq-ovqat va chorvachilikda foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Raqamlarga murojaat etsak, respublikada 2023-yil hosili uchun fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan jami 102,7 ming gektar ochiq maydonga soya ekildi.
Ushbu maydonlarga ekish uchun 9,3 ming tonna soya urug‘ligi talab etilishi hisob-kitob qilinib, urug‘liklar “O‘zdonmahsulotlari” AKning hududiy don korxonalari tomonidan soya yetishtiruvchilarga shartnoma asosida yetkazib berildi.
Mazkur maydonlarda 142,7 ming tonna soya doni yetishtirilishi prognoz qilinmoqda. Ushbu soya donidan 24 ming tonna soya moyi va 107 ming tonna soya shroti ishlab chiqish imkoniyati yaratiladi. Soya maydonlarining kengaytirilishi va ulardan tayyorlanadigan mahsulotlarning ko‘payishi aholining yog‘-moy mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish hamda chorvachilikni izchil rivojlantirishda muhim hisoblanadi.
Shuni inobatga olgan holda, respublikamizda soya ekiladigan maydonlarni kengaytirishga eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatidagi “Angor elita sabzavotchilik va polizchilikni rivojlantirish” MCHJ tashkil etilganiga ikki yil to‘ldi. Xo‘jalik faoliyatining dastlabki yilidanoq yerga soya urug‘ini qadadi. Umumiy 54,4 gektar yer maydoniga ega bo‘lgan xo‘jalik bu yil 29 gektarga Turkiyadan keltirilgan “Superbin B” navli soyaning elita urug‘ini ekdi. Mirishkorlar ushbu yilda soyadan gektaridan 4-5 tonnadan hosil yig‘ishtirib olishni niyat qilishgan. Ushbu navli urug‘ni ekishdan oldin turkiyalik hamkorlar kelib, xo‘jalikning ekin maydonini ko‘zdan kechirdi, tuproqdan tahlillar olinib, laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi. Yer mayjoni haqiqatan ham soya ekishga mos ekanligiga amin bo‘lishgach, uni yetishtirish bilan bog‘liq o‘zlarining foydali tavsiyalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Bugungi kunda MCHJ da 7 nafar doimiy, 30 nafar kunlik, mavsumiy ishchilar ishlamoqda.
Maʼlumki, soya o‘simligidan asosan oziq-ovqatda qo‘llaniladigan yog‘olinadi. O‘simlikning ko‘k massasi esa chorva mollari uchun yuqori kaloriyali ozuqa hisoblanadi.
E’tiborlisi, soya o‘simligidan takroriy ekin sifatida ham foydalanish mumkin.
Soyadan yuqori hosil olish uchun ekin maydonlarni begona o‘tlardan tozalash talab etiladi. Shuningdek, agrotexnik tadbirlardan so‘ng ozuqa sifatida karbamid berish lozim. Ushbu o‘simlik suvga talabchanligi bilan ajralib turadi.
“Angor elita sabzavotchilik va polizchilikni rivojlantirish” xo‘jaligi sifatli va hosildor soya urug‘ini yetishtirib, kelgusida boshqa fermer xo‘jaliklari uchun ham yetkazib berishni maqsad qilishgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: