Bugun qay soha va yo jabhaga qaramang – hammasida yangilikka intilish, ilmni amaliyotga joriy etish hamda zamonaviy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish kabi vazifalar ustuvorligiga duch kelasiz. To‘g‘ri-da, odatdagidek emas, yangilikni odat qilib yashash ayni davr talabi. Buni yoshu-qari birdek idrok qilayotgani bor gap.
Qoraqalpoq zamini tarixan qishloq xo‘jaligi uchun maqbul hudud sifatida qayd etilgan. Ayni davrda ham shunday. Mintaqa uchun o‘ziga xos agrar tarmoq yo‘nalishlari bor. Bu paxtachilik, don-dukkakli o‘simliklar, sholichilik, chorvachilik, baliqchilik va bog‘dorchilik. Sanaganimiz asli asosiy ustunlar. Qolgan yo‘nalishlar ham jadal rivoj topmoqda. Bu ham haqiqat.
Mazkur ko‘rsatkichlar Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazgan amaliy uchrashuvlarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Nukus tumani “Biogumus farm” startapini olib ko‘raylik. 60 gektar yerga pomidorning Italiyadan olib kelingan “Sanmarsano” navi ekilgan. Organika yetishtirish uslubiga xos navlar 30 gektarga joylangan. Usuli shunday. Kasallikka va tuproq sho‘rlanishiga chidamli. Har tupidan 280 kilogrammga qadar meva beradi, qoyilmisiz? Hosili uzunchoq, bizni bozorlarda ko‘zga tashlanmaydigan nav. Ko‘zimiz o‘rganmagan-da. Ammo Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan xaridor bisyor. Yillik eksport 310 ming dollar. Loyiha qiymati – 3,07 mlrd so‘m. Korxonada 90 ta doimiy, mavsumda qo‘shimcha 110 nafar ishchi mehnat bilan ta’minlangan. Hali bu hammasi emas. Uning biznes rejalari bor. Pomidorga yog‘ aralashmasida ishlov berib, qo‘shimcha qiymat yaratish niyatida. Shunda 1 dollarlik mahsulot, tayyor 7-10 dollarlik qiymat hosil qiluvchi mahsulotga aylanadi.
O‘z navbatida Aziz Voitov tadbirkor bilan suhbatda buning uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligidan yordam va qanday qo‘llov kerak bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi. Ayni tumanda joylashgan “Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi” faoliyati bilan ham tanishildi. Yillar davomida Qoraqalpoq zamini iqlimi va tabiatiga xos va mos ekin navlarini yaratishda mazkur muassasaning o‘rni beqiyos. Tajriba maydonida 24 turdagi mahalliy nav sinov jarayonida. Qo‘shimcha 30 dan ortiq nav boshqa hududlardan olib kelib o‘rganilmoqda. Maqsad – zamin imkoniyatlariga mos keluvchi ekin turini aniqlash. O‘sib, unsin. Mo‘l hosil bersin. Baraka urug‘ini qadagan dehqon manfaat ko‘rsin. Shuning uchun bu yerda sholining ham, dukkakli o‘simliklarning ham laborator va maydon sinovlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Kezi kelganda aytish kerak, bugun Qoraqalpog‘istonda amalda ekilayotgan bug‘doy urug‘ining aksar qismi mana shu yerda yetishtirilgan. Dala maydonlarida turli yangiliklar joriy qilingan: yomg‘irlatib, tomchilatib sug‘orish. Germaniya, Janubiy koreyalik olimlar bilan amaliy muloqot natijasida yangi ixtirolar dunyo yuzini ko‘rmoqda. Demak, bu yerlik olimlar ekin urug‘larini mahalliy iqlim sharoitiga moslash uchun izlanishdan bir on bo‘lsa-da, to‘xtagani yo‘q.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi vaziri chorvachilik, baliqchilik tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi. Chorvachilik an’anaviy usulda rivoj topayotgan bo‘lsa, baliqchilikda yangiliklar ko‘p. Innovasiya ayni yo‘nalishga keng tatbiq etilmoqda. Nukus tumanida mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning loyihalarini ko‘zdan kechirar ekan, Aziz Voitov bunga shaxsan guvoh bo‘ldi. Sun’iy qoplamali ko‘llar, baliq uvildirig‘idan mahsulot yetishtirish, akvalaboratoriyalarda yangi avlod baliq lichinkalarini ko‘paytirish ayni kunda qizg‘in pallaga kirgan. Yangi loyihalar uchun yerlar hozirlanmoqda. Maxsus basseyn va moslamalar, baliq yetishtiruvchi majmualar aksar qismi intensiv usulda baliq parvarishiga qaratilgan. Bu ham zamindagi o‘ziga xos yangilik.
Keyingi manzil – Kegeyli tumani. Bu yerda akademik M.Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston filiali joylashgan. 2013-yilda faoliyatini qaytadan boshlagan filial jami 220 gektar tajriba maydoniga egalik qiladi. Bu yerda Qoraqalpog‘iston florasining juda ko‘p namunalari, bog‘dorchilik, ko‘chatchilik mahsullari joy olgan. To‘g‘ri, bu yerning ob-havosi va iqlim sharoiti barcha ko‘chatlarning birdek o‘zini tutib ketishiga kafolat bermaydi, ammo tajriba stansiyasi shuning uchun ham mavjud. Bu yerda agrar soha vakillari uchastkalarda izlanish olib boradi, universitet talabalari – o‘rganishda, olimlar tajriba o‘tkazmoqdalar. Maqsad bitta – zamin uchun muhim yashillik niholdan ko‘chatga aylanishi kerak. U el uchun oziq bera oladigan daraxt bo‘lishi lozim. Ayni maqsad sari o‘rganish va izlanish tinmaydi. Bir vaqtlar bu yerlar ko‘zni quvontirgan so‘lim bog‘, mevalari yerga qo‘l cho‘zgan daraxtlar mavzesi bo‘lgan. Galdagi vazifa – bu yerning avvalgi shuhratini tiklash va kelgusida o‘ziga xos pitomnikka aylantirish.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: