Keyingi yillarda mamlakatimizda uzumchilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, uzumchilik sohasiga qaratilgan eʼtibor tufayli yirik uzumzorlar tashkil etilibgina qolmay, balki dala chetlariga ham tok ko‘chatlari ekilib, yerdan unumli foydalanilmoqda. Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi “Silverlayf” paxta-g‘allachilik agroklasterida 30 gektarga yaqin yer maydoni mavjud bo‘lib, ayni kunlarda 25 gektardan ziyod maydonni begona o‘tdan tozalab, tekislab, shpaler o‘rnatish ishlariga kirishilgan. Umuman olganda, tumanda 2023-2024-yillar davomida 1200 gektar, joriy yilning kuz mavsumigacha esa 279 gektarda uzumzor tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuni ham aytish joizki, dala chetlariga oshqovoqlar ekish ham ko‘zda tutilgan. Bu esa, fermer xo‘jaligining daromadiga daromad qo‘shibgina qolmasdan, har bir qarich yerdan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Shuningdek, viloyatning Zarbdor tumanidagi “Nayman rizq to‘pi” fermer xo‘jaligiga tegishli dala chetida ham tok ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Hozirda 50 sotix yer tayyorlanib, shpalerlar o‘rnatilmoqda. Foydalanilmay yotgan, qarovsiz yer maydonlaridan ham uzumchilikda foydalanish va undan yuqori hosil olish mumkinligini zarbdorlik mirishkorlar o‘z tajribalarida isbotlashmoqda. Buning uchun o‘sha yer maydoniga mos ko‘chat navini tanlash va ekish kifoya. Suv tanqisligi kuzatiladigan ushbu maydonlar kelgusida havas qilgulik uzumzorlarga aylansa, ajabmas.
Albatta, bepoyon uzumzorlar tashkil etish ishlarida viloyatning boshqa tumanlari ham ilg‘orlar safida. Jumladan, Zafarobod tumanidagi “Madadkor qush” fermer xo‘jaligi ham 70 sotixli yer maydoniga uzumzor tashkil etgan. Ushbu uzumzorlarni barpo etish uchun har bir gektar yerga 15 million so‘mdan xarajat qilingan.
Mehr, mehnat va biroz mablag‘ sarflansa, har bir ishga unum va baraka oshno bo‘lib, daromad va imkoniyatlar ham shunga yarasha oshaveradi, shunday emasmi?!
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: