Bundan 10–15 yil oldin Sherobod tumanida anorchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar bo‘lmagan. Hozirda esa ularning soni 208 taga yetdi. Hududda 3 ming 300 gektar maydonda 2 million 475 ming tup anorning serhosil navlari parvarishlanyapti. Har yili 22 ming tonnagacha anor yetishtiriladi.
Mutaxassislarning fikricha bugungi kunda yer kurrasida anorning 130 dan ortiq navlari o‘stiriladi. Sherobod anorining dovrug‘i bugun nafaqat respublikamiz balki, xorijda ham mashhur. Boisi, uning shifobaxsh xususiyatlari bisyor. Tumandagi “Rasulov Toji” agrokorxonasi ishchilari salkam 200 gektar yerda anorning serhosil navlarini yetishtirib, anorchilikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Sherobodda yetishtirilayotgan “Gulobi”, “Toshqo‘rg‘on”, “Gayzara”, “Qora dona” nomli anor navlari uzoq muddat saqlanish xususiyati bilan ham xaridorlar e’tiborini qozonmoqda. 2012-yildan o‘z faoliyatini boshlagan mazkur xo‘jalik hozirda Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi ko‘pgina xorijiy davlatlar bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘nga yaqin doimiy ishchi va mavsumiy 100 nafardan ziyod qishloq aholisining bandligini ta’minlagan.
Masturaxon Sayfiddinova, O‘zbekiston Respublikasi Anorchilar assotsiatsiyasi rahbari: “Bog‘bon, sohibkorlar – har birimiz sidqidildan mehnat qilib, agrotexnika ishlarini me`yorda amalga oshiradigan bo‘lsak, keyingi yilga mana shu bog‘larimizdan to’kin hosil olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Anor festivali 2022-yil 5-oktyabrda o‘tgan edi. 2023-yil 14-oktyabrda ikkinchi xalqaro anorchilar festivalini o‘tkazish imkoniyatiga egamiz”.
“Sardorbek-Sultonbek” MChJda ham 43 gektar maydonda anorzor barpo etilgan. Hozirda anorzorda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilmoqda. Natijada ilgari bir gektar anorzor uchun 750 kilogramm o‘g‘it sarf qilingan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 400 kilogramni tashkil qildi. Qolaversa, qator oralariga ham ishlov berish tadbiri osonlashyapti. Eng asosiysi, tejamkorlik evaziga yuqori daromaddorlikka erishish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: