O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning ishchi tashrif bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turgani haqida xabar bergan edik. Tashrif doirasida vazir Xo‘jayli tumanidagi sholi ekishga mo‘ljallangan yer maydonlarini ham ko‘zdan kechirdi. Aytish mumkinki, sholi aynan ball boniteti to‘g‘ri keladigan yerlarga ekilishi maqsadga muvofiqdir.
Shu kungacha sholi ekish Qoraqalpog‘iston sharoitida juda yaxshi natija bergan. Buni agrotarmoqning aksariyat mutasaddilari juda yaxshi bilishadi. Sholikorlar bilan muloqot chog‘ida aynan sholichilikni rivojlantirish va undan mo‘l hosil olish uchun qanday yordam va ko‘mak kerakligi borasidagi fikrlar o‘rtaga tashlandi. Fermerlar o‘z navbatida mintaqada barcha shart-sharoitlar yaratilayotganligini ta’kidlash bilan birga sholichilikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlarini ham ochiq bayon qilishdi. Uchrashuv chog‘ida aynan kimyoviy o‘g‘itlarning imtiyozli shartlarda olinishi, suv bilan bog‘liq bo‘lgan fikrlar va undan tashqari yerga bo‘lgan ishlovni kuchaytirish masalalari ham diqqat markazidan o‘rin oldi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, mintaqada yerga vaqtida e’tibor qaratilmasa bu yerlar foydalanishdan chiqib ketish xavfi yuzaga keladi. Demak, har bir qarich yerdan samarali foydalanish davr talabidir.
Aziz Voitov ishchi tashrif doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanida ham bo‘ldi. Bu yerda zamonaviy issiqxona majmuasi bilan tanishuvni davom ettirdi. 10 gektar yer maydonidagi issiqxonada gidroponika usulida tashqi bozor talablaridan kelib chiqqan holda mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Aynan mana shu yerda an’anaviy yoqilg‘idan tashqari ko‘mir va muqobil energiya manbalarini ham sinab ko‘rish, bundan tashqari Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi bilan hamkorlikda issiq suv orqali issiqxonani isitish loyihasi ham muhokama qilindi. Bu borada qilinayotgan ishlar bo‘yicha real fikrlar o‘rtaga tashlandi. Bunda samara va manfaatdorlik qanchaga oshirilishi mumkinligi yuzasidan fikrlar o‘rtaga tashlandi. Aytish joizki bugungi kunda 100 dan ziyod ishchi o‘rniga ega bo‘lgan ushbu issiqxona eksportbop mahsulotlarni yetishtirishga ixtisoslashgan. Bu loyiha ishga tushadigan bo‘lsa issiqxonaning yoqilg‘iga bo‘lgan bog‘liqligiga ijobiy yechim topiladi. IESdan chiqadigan issiqlik esa foydali ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Aynan mana shu kunlar mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ekinlari parvarishiga juda katta e’tibor qaratiladigan oy desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Issiqning boshlanishi barcha ekin turlaridan yuqori hosil olish uchun har tomonlama maqbul yetishtirish uslubiyatiga o‘tishni talab qiladi. Aziz Voitov boshchiligidagi ishchi guruhning navbatdagi tashrif lokatsiyasi – Kegeyli tumanidagi paxta dalasida bunga e’tibor bilan yondashildi. Chimboy – Kegeyli paxta to‘qimachilik klasteri maydonida fermerlar va klasterlar rahbarlari bilan aynan hosil yetishtirishga ijobiy ta’sir qiluvchi omillar to‘g‘risida fikrlashildi. Paxtaning har tomonlama yaxshi unishi uchun bugungi kunda g‘o‘za parvarishiga qilinayotgan e’tibor, uni mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, undan tashqari ularga kimyoviy usulda ishlov berish va biologik usulda paxta yetishtirish orqali hosildorlikni oshirish usullari to‘g‘risidagi fikrlar o‘rtaga tashlandi. To‘g‘ri, Qoraqalpog‘iston iqlimi, tuproq sharoitida bu mahsulotlarni yetishtirish katta zahmat talab qiladi. Ammo bugungi kunda bu yerlik fermerlar bunday qiyinchiliklardan aslo cho‘chimaydilar. Shu bois, bu iqlimda mana shu kabi mahsulotlarni yetishtirish orqali el og‘ziga tushgan barcha fermer va dehqonlar bugun chin ma’nodagi sahro fidoyilaridir. Quyoshning o‘tkir tig‘ida ham mehnatni o‘zlariga sharaf deb bilgan dala mehnatkashlari baraka urug‘larini qadab, yuzlari yorug‘ bo‘lishi uchun bugun ham mehnatni juda katta ishtiyoq bilan amalga oshirayotganliklari bor haqiqatdir.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: