Keyingi yillarda yurtimizda bog‘dorchilikni rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jumladan, hududlarda bir qator yo‘nalishlarda bog‘lar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.
“Surxon oltin mevasi agrofirmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bog‘dorchilikga ixtisoslashgan bo‘lib, umumiy yer maydoni 908,6 gektarni tashkil etadi. Bu maydonga shaftoli, o‘rik, uzum, olxo‘ri va bodom kabi daraxtlar ekilgan.
2022-yilda korxona jami 2049 tonna mahsulot yetishtirgan, shundan o‘rik – 450 tonna, shaftoli – 429 tonna, olxo‘ri – 278 tonna, uzum – 875 tonna, bodom – 17 tonna. Bugungi kunda “Surxon oltin mevasi agrofirmasi” MCHJda 58 ta doimiy ish o‘rinlari yaratilgan.
Otabek Hazratov, “Surxon oltin mevasi agrofirmasi” agronomi:
“Bog‘imizni 2015-yilda tashkil etganmiz. O‘rik ko‘chatlarini 2015-yildan, shaftoli ko‘ chatlarini 2017-yildan boshlab ekkanmiz. Hozirda 60 gektar maydonda shaftoli daraxtlari mavjud. Ish boshlaganimizdan buyon tomchilatib sug‘orish tizimini qo‘llab kelamiz. Mevalarimizni asosan Rossiya, Qirg‘ iziston, Qozog‘ istonga eksport qilamiz. Mevalarni terib bo‘lgach, kuz faslida daraxtlarimizga turli xil o‘g‘itlar beramiz hamda agrotexnik tadbirlarni amalga oshiramiz. Bu keying yil hosili uchun poydevor vazifasini bajaradi”.
Bog‘da yetishtirilgan mevalarni sifatli saqlash uchun joriy yil may oyidan sig‘imi 2000 tonnali muzlatkich ishga tushirildi. Hozirda muzlatkichli omborxonada asosan shaftoli va o‘rik mevalari saqlash uchun qabul qilinmoqda.
“Surxon oltin mevasi agrofirmasi” MCHJda yetishtirgan mevalar mahalliy bozorga sifatli va arzon narxlarda yetkazib berish bilan bir qatorda xorijga ham eksport qilinmoqda.
Amir Mardonov, korxonaga qarashli muzlatkichli omborxona rahbari o‘rinbosari:
“Bog‘imizdagi mevalarni terib olganimizdan so‘ng, muzlatkichga olib kelamiz. Bu yerda mevalarni saralash jarayonidan o‘tkazamiz hamda chet el va mahalliy bozorlarga yo‘naltiramiz. Bu yerda 30-40 kishi ish bilan ta’minlangan. Ayni paytda 60 gektarli shaftoli bog‘imizdan olib kelingan shaftolilarni qadoqlash jarayoni ketmoqda”.
2023-yil boshidagi anomal sovuq bog‘dagi daraxtlarning hosildorligiga salbiy ta`sir ko‘rsatmay qolmadi. Shunday esa-da, bog‘larda ishlar tizimli tashkil etildi, sovuq urgan daraxtlarning o‘rniga sovuqqa chidamli daraxtlar ekilgan. Xususan 32,7 gektar maydonga bodomning sovuqqa va suvsizlikka chidamli Avizor va Guvara navlari ekildi, bu yanada chidamli va sifatli bog‘ yaratish hamda qo‘shimcha ishchi o‘rni ham demakdir.
Agrotexnik tadbirlar to‘gri yo‘lga qo‘yilgani bois, anomal sovuq bo‘lishiga qaramasdan, “Surxon oltin mevasi agrofirmasi” MCHJga qarashli bog‘larda hosildorlik yuqori darajada bo‘ldi – birgina o‘rikdan 521,8 tonna, shaftolining Fantaziya va Ufa navlaridan 50 tonnaga yaqin hosil olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: