Bugun butun dunyoda 3-avgust — Xalqaro tarvuz kuni nishonlanadi.
Barchaning sevimli mahsuloti bo‘lgan tarvuz tarkibining 92% i suvdan iborat, foydali poliz ekinidir. Tarvuz A, C, B vitaminlar majmuasi, foliy kislota va antioksidantlar kabi muhim elementlarni oʻz ichiga oladi. Biz tarvuzni iste’mol qilganda, organizmimizning immuniteti mustahkamlanadi hamda asab tizimining me’yoriy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga va qizil qon tanachalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Undagi foydali elementlarning katta miqdori tufayli organizmda ovqat hazm qilish, yurak, qon-tomir tizimi va barcha ichki a’zolarning to‘g‘ri faoliyati amalga oshadi.
Ilk tarvuz — kichik hajmli bo‘lib, taxminan 2–3 sm, achchiq ta’mli, yovvoyi mahsulot sifatida bir necha ming yil oldin Janubiy Afrikada paydo boʻlgan. Tarvuzning bugungi zamonaviy ko‘rinishi esa, uzoq seleksiya natijasidir.
Hozirda bizning ko‘zimiz o‘rgangan tarvuz barcha mamlakatlarda yirik, butun, tashqi ko‘rinishi yashil yo‘l-yo‘l bo‘lgan rezavor sifatida namoyon bo‘lmaydi. Yaponiyada mahalliy fermerlar tarvuzlarga kvadrat, uch burchakli va boshqa shakllar berishadi.
Bundan tashqari, tarvuzning ichi sariq va oq, turli xil tashqi ranglar va hatto urug’siz ko‘rinishlari ham bor. Bu yerda ular hatto asl o‘lchamiga nisbatan juda kichkinalari — diametri 10 sm gacha bo‘lgan tarvuzlarni ham yetishtirishadi.
Tarvuz mavsumi dalalarda noyabrgacha davom etadi. O‘zbekistonliklar qishda ham yaxshi saqlangan ushbu ekindan bahramand bo‘lishlari mumkin.
Bugun Toshkent shahridagi Yunusobod bozorida ijodiy guruhimiz tomonidan sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasida tarvuz tanlashda qanday jihatlarga e‘tibor berish kerakligi bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi. Tabiiyki, pishgan, suvli va mazali tarvuzni tanlash unchalik oson emas — bunda ko‘plab omillarni masalan, po‘stining ko‘rinishi, yon tomonidagi dog‘larning kattaligi, chertganda qanday ovoz chiqarishi va sotish mavsumi kabilarni hisobga olish kerak. Eng shirin va suvli tarvuzlar iyul oyining oxiri va avgust oyining boshlarida pishib yetiladi. Shuning uchun yozning oxirida bu poliz ekinini avj sotish mavsumi hisoblanadi.
Sotuvchilar pishgan tarvuz qanday ko‘rinishda bo‘lishi, hajmi, xususiyatlari va qanday vitaminlarni o‘z ichiga olishi haqida so‘zlab berishdi. Shuningdek, so‘rovda Ukraina va Rossiyadan kelgan sayyohlar ham ishtirok etishdi va savollarga javob berishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: