Tavsiyalarga to‘g‘ri va to‘liq rioya etilsa, sho‘rlanishni yengish va Orolbo‘yida barqaror qishloq xo‘jaligini yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi, demoqda mutaxassislar.
Avval aytib o‘tganimizdek, Toshkentda tashkil etilgan, sho‘rlangan tuproqlar masalalariga bag‘ishlangan yirik xalqaro tadbirlar yakunida ishtirokchilar Orolbo‘yida bo‘ldilar va tuproq sho‘rlanishiga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi bilan tanishdilar.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan, qator hamkorlar ko‘magida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari – tuproqshunoslik bo‘yicha mahalliy va xorijiy ekspertlar dala ekskursiyasida bo‘ldilar, Orol dengizi basseynida o‘rmonlarni tiklash hududini ko‘rdilar, uzoq yillik qurg‘oqchilik va suv hamda yer unumdorligining keskin qisqarishi sababli yuzaga kelgan sho‘rlanish ko‘lamini baholadilar.
Dala ekskursiyasi qatnashchilari, shuningdek, SATREPS (Barqaror taraqqiyot maqsadlarida ilmiy va texnologik tadqiqotlar bo‘yicha sheriklik) dala uchastkasida sho‘rga chidamli o‘simliklar – galofitlar bilan tanishdilar.
Sayiqjon Hamzin, ekspert:
“Og‘ir yerlar. Sho‘rlanish darajasi yuqori. Suv sathi 1,20-1,50 metrgacha. Biz suv sathini har kun o‘lchab turibmiz. yerning sifatini yaxshilash ustida ishlayapmiz. Fermer uchun mollariga yem-hashak kerak. Mana shu sho‘rlangan yerlarga ekin ekib, ulardan foydalanish yo‘llarini o‘rganyapmiz. Yerning hajmi og‘ir. Og‘irligi – 1,55-1,65 gacha. Hatto, haydalgan yer og‘irligi ham 1,52 gacha ko‘tarilgan. Holbuki, haydalgan yer og‘irligi me’yorda 1,25-1,30 gacha bo‘lishi kerak. Sho‘rlanish turi xloridli-xlorid sulfatli. Sho‘rlanish balandligi 1,2 foizgacha yetadi. Drenaj qazish kerak bo‘ladi. Shundan keyin chuqur yumshatish, lazerli tekislash talab etiladi. Shundan keyin yer yaxshi holatga keladi. Fizik xossalarini ham o‘rgandik, suv ketishi soatiga 2-5 mm.ni tashkil qiladi. Bundan sug‘orish normasini aniqlasak bo‘ladi, shuning ustida ishlayapmiz. Hozirda monitoring ishlari ketyapti. 11 ta nuqtada o‘simliklar olingan, sho‘rlanish qanday pasayayotganini o‘rganyapmiz. Hozirdayoq ayrim natijalar kuzatilyapti. Lekin bu tez bitadigan ish emas, 2-3 yilda bu yerlar yaxshilanadi, deb ishonamiz”.
Mutaxassislar Orolbo‘yida sho‘rlanish kuchli ekanini qayd etsalar-da, bu bilan mintaqa qishloq xo‘jaligidan umidni uzmaslik kerakligini ta’kidladilar. Tegishli chora-tadbirlar o‘z vaqtida, to‘g‘ri va to‘liq amalga oshirilsa, tizginsiz shamol o‘ynab yurgan bu dashtlarda yaqin yillarda mo‘l hosil olish mumkinligi aytildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: